Sredazekoso (Oʻrta Osiyo Iqtisodiy Kengashi)
SredazEKOSO (Oʻrta Osiyo iqtisodiy kengashi) — 1921-yil mart oyida RSFSR XKS qarori bilan tashkil qilingan Turkiston iqtisodiy kengashi (TES)ning vorisi. 1923-yil 5–6-martda Oʻrta Osiyo respublikalari (TASSR, BXSR, XXSR)ni iqtisodiy jihatdan birlashtirishga bagʻishlangan iqtisodiy konferensiyada tashkil qilingan. V. I. Leninning iborasi bilan aytganda, iqtisodiy kengashlar markazning joylardagi “koʻz-qulogʻi” boʻlishi kerak edi. Konferensiyada qabul qilingan Nizomda ham SredazEKOSOʻning asosiy vazifasi qilib “Oʻrta Osiyo respublikalarining iqtisodiy imkoniyatlarini birlashtirib, Markaz ehtiyojlarini hisobga olgan holda sotsializm qurilishiga yoʻnaltirish”, deb belgilangan edi. SredazEKOSO qarorlarini barcha Oʻrta Osiyo respublikalari hukumati bajarishga majbur edi. SredazEKOSO oʻz faoliyati davomida Oʻrta Osiyo respublikalari iqtisodiyotini Markaz manfaatlariga moslashtirishga harakat qildi. Oʻrta Osiyo respublikalarining Ittifoq iqtisodiy majmuasidagi oʻrni va vazifalarini belgilab berdi. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida paxta yakka hokimligining yuzaga kelishida sanoatni bir tomonlama, chala, xomashyo shaklida mahsulot ishlab chiqarishga moslashtirishda SredazEKOSOʻning “xizmati” katta boʻldi. Respublikalarning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy rivojlanish istiqbollari, asosan, SredazEKOSOʻda ishlab chiqildi. Markazning mustamlakachi tuzilmasi — SredazEKOSO respublikalarni iqtisodiy jihatdan boshqaruv tizimini markazlashtirishda muhim rol oʻynaydi. SredazEKOSO 1934-yil 2-oktyabrda SSSR XKS va VKP(b) MKʼning qarori bilan tugatildi.