Orqaga
Glossariyga qaytish

Sotsializm

Sotsializm (lotincha “socialis” — ijtimoiy) — xususiy mulkni ijtimoiy (umumiy) mulkka aylantirish orqali erkinlikva tenglikka, baxt va farovonlikka erishish mumkin deb hisoblovchi taʼlimot. Sotsializm tarafdorlari ana shu yoʻl bilan qurilgan ijtimoiy tuzumni ideal (barchaga manzur, oqilona) jamiyat deb hisoblaganlar. Sotsializmda inson xususiy mulkdan tamomila ajratiladi. Oqibatda inson oʻz individual xususiyatlaridan ham mahrum etiladi. U “omma”ga aylanib, oʻz “meni”ni ham yoʻqotadi. Jamiyatda zoʻravonlik, tobelik kuchayadi. XX asrning 20–30-yillarida SSSRda, ikkinchi jahon urushidan keyin Sharqiy Yevropaning barcha mamlakatlarida, shuningdek, Osiyoning baʼzi mamlakatlarida sotsializm tuzumi oʻrnatildi. Sotsializm toʻgʻrisidagi tasavvurlar dunyoning muayyan qismiga yoyildi. Sotsializm qurilishi eʼlon qilingan mamlakatlarning barchasida davlat mulkining monopoliyasi, direktivali markazlashtirilgan rejalashtirish, shuningdek, qonunsizlik. maʼnaviy-diniy qadriyatlarning inkor etilib, oyogʻosti qilinishi, oʻzgacha fikrlovchilarga toqat qila olmaydigan bir guruh shaxslarning yakka hukmronligi va diktaturasi oʻrnatildi. Totalitar rejimlarning hukmronligi iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy boʻhronga (krizis, inqirozga), dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan orqada qolishiga olib keldi. Oʻzbekiston ham shu jarayondan chetda qolmadi. Bu yerda ham hunarmandlar, savdogarlar, tadbirkorlar va erkin kasb egalari tugatildi. Zoʻrlik asosida qurilgan quloq qilish, oʻzbek ayollarini ozodlikka chiqarish, jamoalashtirish siyosati va boshqa koʻrinishdagi qatagʻonlarni sotsializm qurish yoʻlidagi qonuniy jarayon sifatida asoslashga urinildi. XX asrning 80–90-yillari chegarasiga kelganda sotsializm jamiyatning obyektiv taraqqiyoti qonuniyatlariga zid, oxiri yoʻq va sarob gʻoya ekanligini yuqorida keltirilgan mamlakatlar xalqlari oʻz hayotlarida sinab koʻrib, bu gʻoyadan ixtiyoriy va ommaviy ravishda voz kechdilar.