Orqaga
Glossariyga qaytish

Sosoniylar

Sosoniylar (ot) — milodiy 224–651-yillarda Eronda hukmronlik qilgan sulola. Forslarning soson urugʻidan boʻlgan Bobak bu sulolaning asoschisidir. Uning oʻgʻli Ardasher I 224-yili boʻlib oʻtgan jangda Parfiya shohi Artaban V qoʻshinlarini yengadi va davlat chegaralarini kengaytirish siyosatini boshlaydi. Shopur I davridan boshlab Sosoniylar taxtiga chiqqan sulola vakillari “Shohanshoh” unvoniga ega boʻlgan. III asrning ikkinchi yarmi va IV asrlarda sosoniylar Eroni Sharqdagi eng qudratli davlatga aylangan. Uning sarhadlari sharqda Hind daryosigacha, shimolda Amudaryogacha, gʻarbda Vizantiya imperiyasigacha yoyilgan. V asr oʻrtalaridan boshlab Sosoniylar davlati Oʻrta Osiyo hududidan bostirib kirgan koʻchmanchi qabilalar — kidariy va eftaliylar zarbasi natijasida kuchsizlanib, hatto eftaliylarga oʻlpon ham toʻlashga majbur boʻlgan. Sosoniylar davlatiga 651-yilda arab istilochilari tomonidan barham beriladi. Sosoniylar davlatining eng mashhur hukmdorlari: Ardasher I (224–239), Shopur I (239–272), Shopur II (309–379), Xurmuzd III (458–459), Peroʻz (459–484), Balash (484–488), Qubod (488–531), Xusrav | Anushervon (531–579), Yazdigird III (629–651).