Somoniylar
Somoniylar (ot) — Oʻrta Osiyoda 875–999-yillarda hukm surgan davlat. Somoniylar sulolasi kelib chiqishi jihatidan Sosoniylar davlatining (224–651) mashhur sarkardasi turk Bahrom Chubinning avlodlaridan boʻlgan. Bahrom Chubinga oʻz davrida davlat oldidagi katta xizmatlari uchun Balx va Termiz oraligʻidagi yerlar iqto sifatida berilgan, u esa bu joylarga oʻz yaqinlarini joylashtirgan. Somonxudot Balx atrofining yirik mulk egasi asilzodalaridan biri boʻlib, uning nabiralari xalifa Xorun ar-Rashid (785–809) ning Xurosondagi noib oʻgʻli Maʼmunga sadoqat bilan xizmat qilgan. Maʼmun 813-yilda xalifalik taxtini egallab, 819-yilda Somonxudotning nabiralariga Movarounnahr viloyatlarini boshqarishni topshiradi. Somoniylardan Nuh ibn Asaddan boshlangan mamlakatni mustaqil boshqarishga intilish Ismoil Somoniy davrida nihoyasiga yetadi. Buxoro shahri davlat poytaxtiga aylantiriladi. X asrning birinchi yarmi bu davlatning gullagan davridir. Movarounnahr, Xuroson, Shimoliy va Janubiy Eronni oʻz ichiga olgan hamda Xorazm, Seyston, Jurjon va Tabariston (Mozondaron) bu davlatga itoat etgan. Somoniylar davrida Buxoro, Samarqand, Marv, Nishopur, Urganch, Hirot, Balx eng yirik va savdo-hunarmandchilik taraqqiy etgan shaharlar boʻlgan. 992-yili Qoraxoniy turklari Buxoroni bosib oladi. 996-yili Somoniylarning Zarafshon havzasi shimolidagi yerlarning hammasi turklar qoʻliga oʻtadi, 999-yili turklar Buxoroni ishgʻol etib, Somoniylar davlatini tugatadi va hokimiyatni toʻliq qoʻlga oladi. Somoniy hukmdorlari: Nuh ibn Asad (819–842), Ahmad ibn Nuh (842–865), Nasr ibn Ahmad (865–888), Ismoil ibn Ahmad (888–907), Ahmad ibn Ismoil (907–914), Nasr II ibn Ahmad (914–943), Nuh ibn Nasr (943–954), Abdumalik ibn Nuh (954–961), Mansur ibn Nuh (961–976), Nuh II ibn Mansur (976–997), Mansur (997–998), Ismoil II (998–1005).