Orqaga
Glossariyga qaytish

Sivilizatsiya

Sivilizatsiya (ot) — (lotincha ʻʻcivilisʼʼ fuqaro jamiyati, harbiylarsiz va cherkovsiz hayot) jamiyat erishgan moddiy va maʼnaviy taraqqiyot darajasi. Faqat insonga xos sunʼiy olamni moddiy va maʼnaviy jihatdan takomillashuvidagi muvaffaqiyatlari koʻrsatkichi.

Insoniyat jamiyatining hayvonot olamidan asosiy farqi shundan iboratki, inson oʻz mehnat faoliyati, aql va zakovati bilan yaratgan sunʼiy dunyoda yashaydi. Tabiatda uy-joy, non, mashina, kitob va shu kabi moddiy va maʼnaviy neʼmatlar tayyor holda uchramaydi, ularni tabiat yaratmaydi. Ularni odam oʻz mehnati va aql-zakovati bilan vujudga keltiradi. Jamiyatning taraqqiyot darajasi ana shu sunʼiy narsalarning soni va sifati bilan belgilanadi. Tarix fani shu maʼnoda sivilizatsiya — tarixiy taraqqiyotni oʻrganuvchi fandir.
Insoniyat tarixi doimo bir tekisda rivojlanmagan. Tarixda yuz bergan davriy madaniy yuksakliklar sivilizatsiyalar tarixini tashkil etgan. Taniqli olim, akademik A. Asqarov kishilik tarixi oʻz taraqqiyot yoʻlida 5 marta sivilizatsiyon yuksalishni boshidan kechirdi deb, ularni quyidagicha koʻrsatadi: birinchi sivilizatsiya dastlab miloddan avvalgi 3-ming yillikda Yefrat va Dajla, Nil va Hind daryolari havzalarida yuz berdi. Shuning uchun u tarixga ʻʻQadimgi Sharq sivilizatsiyasiʼʼ nomi bilan kirdi. Uning taʼsir doirasi miloddan avvalgi 3-ming yillikning oxirlarida Xurosonga va 2-ming yillik boshlarida esa Movarounnahrga yoyildi. Ikkinchi jahon sivilizatsiyasi miloddan avvalgi 1-ming yillikning oʻrtalarida Gretsiya va Rimda yuz berdi. U tarixda ʻʻAntik davr sivilizatsiyasiʼʼ nomi ostida maʼlum. Uning taʼsir doirasi makedoniyalik Iskandarning qadimgi Sharqqa tomon harbiy yurishlaridan soʻng Oʻrta Osiyoga kirib keldi va u ʻʻOsiyo–Yevropa ellinizm sivilizatsiyasiʼʼning shakllanishiga olib keldi. Uchinchi sivilizatsiya oʻchogʻi Movarounnahr va Xuroson boʻlib, ushbu hududlarida milodiy IX–XIII asr boshlarida yuz berdi va uning taʼsirida Yevropa uygʻondi. Toʻrtinchi sivilizatsiya XIV–XV asrlarda Yevropa va Osiyoda yuz bergan uygʻonish davri bilan bogʻliq va nihoyat beshinchi sivilizatsiya jamiyat rivojlanishining barcha jabhalarini qamrab olgan XX asr sivilizatsiyasidir. Sivilizatsiyalar oraliqida notekis rivojlanishlar, uzoq yillar davom etgan turg’unliklar va tez-tez davriy inqirozlar yuz berib turgan.