Orqaga
Glossariyga qaytish

Shariat

Shariat (ot) — islom dini huquq tizimi. Ilk islomda jamiyatni huquqiy boshqarish Qurʼon asosida olib borilgan. Keyinroq musulmonlarning barcha ijtimoiy-iqtisodiy, diniy faoliyatini qamrab oluvchi qonunlar majmuasiga ehtiyoj tugʻildi. Islom huquqshunoslari bir necha asr mobaynida shariat qoidalarini ishlab chiqqan. Shariatga Qurʼoni karim, hadisi sharif, ijmova qiyos asos qilib olingan. Ushbu shariat manbalarida tavsiya etilgan amallar, ibodatlar majmuiga shariat deyiladi. Unda sof huquqiy masalalardan tashqari axloqiy normalarga ham qonun tusi berilgan. Islomda sunniylik va shialikning shariat tizimlari oʻrtasida tafovutlar bor. Sunniylikda hanafiya, molikiya, shofiʼiya va hanbaliya mazhablarining, shialikda esa jaʼfariya, ismoiliya mazhablarining oʻziga xos huquqiy tizimi mavjud. Shariat hozirgi zamon dunyosining eng yirik huquqiy tizimlaridan biri boʻlib qolmoqda va u oila, jamiyat, davlat miqyosidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarni oʻz ichiga olgan. Shariat musulmon kishi uchun dunyoga kelishidan to oʻlishigacha yurish-turishqoidalarini belgilovchi toʻplamdir. Shariat huquqiy tizim sifatida XI asrda oʻzining hozirgi takomil darajasiga yetib borgan.
Shariat ilmlari 9 ta fanni oʻz ichiga oladi:
1. ilm at-tafsir — Qurʼoni karimni oʻrganuvchi fan;
2. ilm ul-hadis — hadisshunoslik fani;
3. ilm ul-kalom — dinning gʻoyaviy-nazariy asoslarini oʻrganuvchi soha;
4. ilm usulul-fiqh — fiqh manbalari va asoslarini oʻzlashtiruvchi fan;
5. ilm ul-fiqh — fiqh tarmoqlari, amaliy fiqh haqidagi fan;
6. ilm ul-faroiz — marhum mulkining merosxoʻrlari oʻrtasidagi taqsimoti haqidagi soha;
7. ilm ut-tajvid — Qurʼondagi oyatlarni toʻgʻri oʻqish qoidalarini oʻrganuvchi fan;
8. ilm ul-qiroat — Qurʼon oyatlari qaysi qorilar orqali qanday rivoyat qilib va qanday oʻqilib kelgani haqidagi yoʻnalish;
9. arab tili va adabiyoti.