Shariat mazhablari
Shariat mazhablari — islomda huquq tizimi va yoʻnalishlari. VIII–IX asrlarga kelib shariatning shakllanishi jarayonida, yaʼni fiqh (musulmon huquqshunosligi) sohasida bir necha mazhablar vujudga kelgan. Hozirgi vaqtda sunniylikda toʻrtta mazhab (hanafiya, molikiya, shofiʼiya, hanbaliya), shialikda esa jaʼfariya, ismoiliya, zaydiya mazhablari saqlanib qolgan. Sunniylikdagi toʻrt mazhab teng hisoblanadi. Yirik musulmon universitetlarida toʻrt mazhab boʻyicha alohida dars oʻqitiladi. Mazhablar umuman diniy huquq doirasidan chiqmagan holda shariat masalalarida yengilroq yoki qattiqroq hukm chiqarishi bilan bir-biridan farq qiladi. Hozir islom mamlakatlarida asosan hanafiya (Turkiya, Pokiston, Hindiston. Movarounnahr, Volgaboʻyi, Sibir, Shimoliy Kavkaz, Qrim), molikiya (Tunis, Jazoir, Liviya, Marokash), shofiʼiya (Misr, Indoneziya va h.k), hanbaliya (Saudiya Arabistoni) mazhablari keng tarqalgan. Shialik tarqalgan mamlakatlar (Eron, Iroq, Yaman) ning huquqiy hayotida esa jaʼfariya mazhabi oʻz mavqeyini saqlab kelmoqda.