Orqaga
Glossariyga qaytish

Senzura

Senzura (lotincha “sensura” — davlat nazorati) — hokimiyat tomonidan zararli deb topilgan gʻoyalar va maʼlumotlarning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik yoki cheklab qoʻyish maqsadida bosma mahsulotlar, sahna asarlari va hokazolar mazmun- mundarijasi ustidan nazorat oʻrnatish. Oʻz vazifasiga koʻra senzura bevosita yoki bilvosita boʻlishi mumkin. Bilvosita senzura jahonning barcha mamlakatlarida mavjud. U axborot yaratuvchilarga turli (eng avvalo iqtisodiy vositalar orqali) taʼsir koʻrsatishda oʻz ifodasini topadi. Bilvosita senzuraning turlaridan biri oʻz-oʻzini senzura qilishdir, yaʼni axborot yaratuvchining oʻzi senzor boʻladi. Bevosita senzura axborot yaratish va tarqatish jarayoniga maxsus davlat idorasining ochiqdan-ochiq aralashuvini bildiradi. Bunday idoralarning vakolati davlat sirini oshkor qilmaslikni nazorat qilish bilan asoslantiriladi, urushni targʻib qilish, pornografiya tarqatish kabilarni taʼqiqlaydi, yoki hukmron tartibni hech bir tanqid qilmaslik uchun barcha mavjud axborotni qamrab oladi. Ayni shunday senzura zamonaviy davlatlarning koʻpchiligida Konstitutsiya tomonidan taʼqiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 67-moddasiga koʻra senzuraga yoʻl qoʻyilmaydi.