Orqaga
Glossariyga qaytish

Sart

Sart (ot) — oʻrta asrlardan to oʻtgan asrning oʻrtalariga qadar jonli til va adabiyotlarda keng ishlatilgan tarixiy tushuncha. Ushbu atama turli davrda turli maʼnolarda qoʻllangan: 1) VI asrlarda turklar Oʻrta Osiyoni bosib olgach, shaharlarda yashayotgan fors-tojik tilida gaplashuvchi aholini sart deb chaqirgan; 2) XII–XIII asrlarda moʻgʻullar oʻz yurtiga kelgan asosan musulmon savdogarlarini sart deb atagan; 3) XVI asrda Dashti Qipchoqdan kelib, Temuriylar davlatini egallagan koʻchmanchi oʻzbeklar mahalliy shahar va oʻtroq aholini sart deb yuritgan. Sart atamasi etnik nom emas. Bu haqda fanda turli qarashlar mavjud. Uning muayyan bir etnosga tegishli ekani maʼlum emas. V. V. Bartoldning fikricha, “Sart atamasi tojik maʼnosini beradi. Ammo u kelib chiqishi jihatdan turkiylashgan sugʻdiylar boʻlib, tojik va oʻzbeklarga tegishli muqim yashovchi, savdo-sotiq va hunarmandchilik ahlining yigʻindi nomi ekani tarixiy haqiqatdir. Oʻrta Osiyodan Sharqiy oʻlkalarga savdo karvoni bilan borgan savdogarlar kelib chiqishi qaysi etnosga tegishli boʻlishidan qatʼi nazar, ular sartlar deb atalgan”. Mahmud Qoshgʻariyning “Devoni lugʻatit turk” asarida sart qadimgi turkchada savdogar maʼnosida berilgan. Dastlab sartlar forsiy va turkiyda soʻzlashgan boʻlsa, XVI–XVII asrlardan ular faqat turkiyda, eski oʻzbek tilida soʻzlasha boshlagan. Endi bu atama koʻproq Fargʻona vodiysi, Toshkent vohasi va Xorazmda turgʻun yashovchi oʻzbeklarga nisbatan qoʻllanadigan boʻldi. Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib olgach, rus olimi va tadqiqotchilarining asarlarida ham Turkistonning oʻtroq aholisini shu nom bilan yuritgan.