Saklar
Saklar (ot) — Oʻrta Osiyoning togʻlik, choʻl va sahro yerlarida istiqomat qilgan koʻchmanchi chorvador qabilalar. Ahamoniy podsholarining qoyatoshlarga yozilgan bitiklarda Oʻrta Osiyoning koʻchmanchi chorvador aholisi shunday nom bilan yuritilgan. Qadimgi yunon va rim tarixchilarining yozishicha, saklar uch ijtimoiy guruhga boʻlingan. Ularning koʻpchilik qismi “saka-tigraxauda”, yaʼni oʻtkir uchli kigiz qalpoq kiyib yuruvchi saklar deb atalgan. Ular hozirgi Toshkent viloyati va Janubiy Qozogʻiston yerlarida yashagan. Saklarning ikkinchi guruhi “saka tiay-tara-darayya”, yaʼni daryoning narigi tomonida yashovchi saklar deb atalgan. Ular Orol dengizi boʻylarida, Sirdaryo (Yaksart) ning quyi oqimida yashagan. Pomirning togʻli tumanlari va Fargʻonada “saka-xaumovarka” deb ataluvchi saklar yashagan.