Orqaga
Glossariyga qaytish

Qosimovchilik

Qosimovchilik — 1929–1930-yillarda sovetlar rejimi tomonidan milliy kadrlarni, ziyolilari qatagʻon qilish maqsadida ataylab uyushtirilgan navbatdagi uydirma. 1929-yilning ikkinchi yarmida OʻzSSR Oliy sudining raisi Saʼdulla Qosimov qamaladi. Bolsheviklar hukumatining jazo organlari tomonidan “toʻqib chiqarilgan” ayblov asosida bu ishga ataylab siyosiy tus beriladi. S. Qosimov bilan birga tarix oʻqituvchisi Olimov, sud idorasi xodimlari Musaboyev va Spiridonov ham qamaladi. Ularga “respublikadagi millatchi tashkilotlar bilan aloqa qilganlikda”, goʻyo S. Qosimov “oʻtirishlarda” “aksil inqilobchilar” bilan qoʻshilib “millatchilar partiyasini tuzish haqida fikr bildirgan”, degan soxta va asossiz ayblar qoʻyiladi. Shuningdek, respublika Bosh prokurori Sharipov “panislomchilikda”, tarix oʻqituvchisi Olimov “millatchi, aksil inqilobchi gʻoyalarni targʻib qiluvchi bosmachi” sifatida, Musabekov esa goʻyo “biror-bir dinni haqoratlash jinoyatdir” deganlikda ayblanadilar. Bularga qoʻyilgan soxta ayblar gazetalarda ataylab eʼlon qilinib, xalq koʻz oʻngida ularni “dushmanga” aylantiradilar. Hatto yolgʻon guvohlargacha oʻylab topadilar. Samarqanddagi 2-vino zavodi ishchilari vakillari sudga kelishib “ishchilar nomidan” sudlanuvchilarni otish kerak degan talab bilan chiqishlari uyushtirildi. Natijada bolsheviklar rejimining “odil sudi” soxta ayblov va soxta guvohlar bergan koʻrsatmaga asoslanib, S. Qosimov, Sharipov, Olimov, Musabekov va Spridonovlarni otishga, qolganlarini esa 10 yildan qamoq jazosiga hukmqiladi.