Orqaga
Glossariyga qaytish

Qoraxitoylar

Qoraxitoylar (ot) — XII asrning 30–40-yillarida Movarounnahrning oʻtroq dehqonchilik vohalariga bir necha marotaba bosqinchilik yurishlari uyushtirgan koʻchmanchi qabilalar. Ular asli kidanlar (qitonlar) boʻlib, Oʻrta Osiyo tarixchilari ularni qoraxitoylar (“buyuk xitoyliklar”) deb atagan. Ularning asosiy qismi Talos va Chu daryolari havzasida chorvachilik bilan shugʻullangan. Qoraxitoylar buddaviylar boʻlsa-da, osmon, yer va ajdodlar ruhiga qurbonlik qilgan. Qoraxitoylarning kelib chiqishi haqida fanda yagona fikr mavjud emas. Baʼzi tadqiqotchilar ularni Sibirning tungus aholisiga, boshqalar esa moʻgʻullarga mansub deb hisoblaydi. XII asr boshlarida ular Yettisuv vjloyatini ishgʻol etib to Yenisey daryosigacha boʻlgan yerlarni oʻz ichiga olgan kattagina davlatni barpo etadi. Bolasogʻun bu davlatning poytaxtiga aylantirilgan. Podshohlari “goʻrxon” deb yuritilgan. Qoraxitoylar davlati XIII asr boshlarida moʻgʻul istilochilari tomonidan tugatiladi. Yillar oʻtishi bilan qoraxitoylar qoʻshni turkiy xalqlar tarkibiga singib ketgan. Bugungi kunda qirgʻiz, qozoq va qoraqalpoqlar tarkibida qoraxitoylar qabila-urugʻ nomi uchraydi.