Qadimgi Xorazm yozuvi
Qadimgi Xorazm yozuvi (ot) — Oʻrta Osiyo xalqlarining eng qadimgi yozuvlaridan biri. Xorazmdagi Katta Oyboʻyir qalʼa shahar xarobasidan topilgan xum sirtiga yozilgan yozuv hozirgi paytda ushbu hududda topilgan yozuvlarning eng qadimgisi deb hisoblanmoqda. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, bu yozuv miloddan avvalgi V–IV asrlarga tegishlidir. Miloddan avvalgi IV–III asrlarga oid yana bir qadimgi Xorazm yozuvi Qoʻyqirilgan qalʼadan topilgan sopol idishning sirtida saqlangan. Bu manba “aspabarak” — otliq, chavandoz maʼnosida tarjima qilingan. Olimlarning hisoblashicha, miloddan avvalgi III asrda oromiy alifbosi negizida mustaqil Xorazm yozuvi kashf etiladi va bu yozuv uzoq yillar mobaynida muomalada boʻladi. Xorazm tili qadimgi forsiy tilning Sharqiy Eron lahjasiga yaqin boʻlgan. Eramizning VI–VII asrlaridan boshlab bu til va yozuv asta-sekin isteʼmoldan chiqib, VIII–IX asrlarga kelganda umuman tushunarsiz oʻlik tilga aylangan. Qadimgi Xorazm tilidagi ba’zi bir soʻzlar hozirgi Xorazm shevasida saqlanib qolgan. Xorazm yozuvi yodgorliklari milodiy I–VIII asrlar oraligʻida zarb etilgan Xorazm shohlari tangalari, Tuproqqalʼadan topilgan Xorazmshohlarning arxivi, Toʻqqalʼa yodgorligidan topilgan ossuariylar sirti, Mizdahkon yodgorliklari majmuasidagi Govurqalʼadan topib oʻrganilgan.