Orqaga
Glossariyga qaytish

Qadimgi Xorazm Davlati

Qadimgi Xorazm (ot) — O‘rta Osiyoda Ahamoniylar istilosiga qadar mavjud bo‘lgan vatanimiz hududidagi ilk davlat birlashmalaridan biri. Qadimgi Xorazm davlati haqida yozma ma’lumotlar juda kam bo‘lib, bular asosan antik davr mualliflari tomonidan berilgan uzuq-yuluq ma’lumotlargina xolos. Qadimgi Xorazm davlati haqidagi dastlabki ma’lumotni Miletlik Gekatey va Gerodot beradi. Gerodot: “Osiyoda hamma tomoni tog‘lar bilan o‘ralgan o‘lka bor. Bu tog‘lar beshta daraga ega. Bir zamonlar bu hududlar xorazmiyaliklarga tegishli bo‘lgan. Hozir esa bu hududlarda xorazmiyaliklardan tashqari girkan, parfiyalik, sarang, tamanaylar yashaydi. Bu o‘lkadan baland tog‘lardan suv oluvchi katta Akes daryosi oqib o‘tadi. Dastlab daryo beshta tarmoqqa bo‘linib, bu yerda yashovchi xalqlarning yerlarini sug‘oradi”, deb yozadi. Gerodot bergan mazkur ma’lumot ko‘p yillardan beri qator olimlar tomonidan turlicha talqin qilinadi va hozirgacha Katta Xorazm davlati haqida turlicha fikrlar bildirib kelinmoqda.Ba’zi olimlar Gerodot yozgan Akes bu — Amudaryo ekanini ta’kidlasa (S. P. Tolstov, Y.G‘ulomov), ba’zilar uni Tajan (I. Markvart) deb hisoblaydi. Tarixiy yozma manbalar (“Avesto”) va antik davr tarixchilari asarlarida keltirgan geografik joy nomlarini solishtirgan holda olimlarning aksariyati Qadimgi Xorazm davlati hozirgi zamonaviy Xorazm vohasidan ancha katta hududni o‘z ichiga olishi va bu davlat birlashmasining markazi birmuncha janubiy o‘lkalar (Marv-Hirot) ga to‘g‘ri kelishini ta’kidlaydi. “Avesto” da Vanchi Daiti daryosi bo‘yidagi Aryanam Vaychax o‘lkasi va u yerda qish uzoq davom etishi haqida ma’lumot bor. I. Markvartning fikricha, “Avesto” dagi Af yanam-Vaychax (Ariylar o‘lkasi) bu — Katta Xorazm, Vanchi Daiti esa bu Amudaryodir. Bu faraz hozirda ko‘pchilik olimlar tomonidan qabul qilingan.Katta Xorazm davlati haqida birmuncha batafsilroq ma’lumotni arxeologik tadqiqotlar natijalari beradi. XX asrning 40-yillaridan hozirgi Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududlarida Sergey Tolstov rahbarligida olib borilgan keng ko‘lamli ekspeditsiyalar natijasida juda ko‘p moddiy ashyoviy manbalar topildi. Bu miloddan avvalgi VIII–IV asrlardagi Qadimgi Xorazm ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayot haqida ko‘plab yechimini kutayotgan savollarga javob topib berdi. Arxeologlar tomonidan topib o‘rganilgan o‘ndan ortiq qadimiy shahar qoldiqlari, qal’alar, shuningdek, yirik sug‘orish kanallarining ko‘lami bu hududda davlatchilik mavjudligini yaqqol ko‘rsatadi. Zero, bu darajada keng ko‘lamli yirik qurilishlarni aholini umumiy safarbarlikka jalb qila oladigan siyosiy hokimiyat mavjud bo‘lganidagina barpo etish mumkin edi. Qadimgi Xorazm davlatining Ahamoniylar davlatiga bo‘ysundirilgani haqida biron-bir tarixiy yozma ma’lumot topilmagan. Aftidan, Xorazm Ahamoniylar saltanatiga ittifoqchi davlat maqomida qisqa vaqt bo‘ysungan. Lekin Xorazm mil. avv. V asr oxiri–IV asr boshlarida o‘zining mustaqilligini qo‘lga kiritadi va 8 asrdan oshiq davr mobaynida mavjud bo‘ladi.