Qadimgi Baqtriya Davlati
Qadimgi Baqtriya (ot) — antik davr tarixchilari (Miletlik Gekatey, Gerodot, Ktesiy, Diodor) asarlarida eslatiladigan, vatanimiz hududida vujudga kelgan eng dastlabki davlat birlashmalaridan biri. Yozma manbalardagi keltirilgan maʼlumotlar va keyingi yillarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida qoʻlga kiritilgan ashyoviy dalillarga asoslanib, qadimgi Baqtriya podsholigi miloddan avvalgi VII–VI asrlarda mavjud boʻlgan deb xulosa chiqarish mumkin. Poytaxt Baqtra yunon tarixchilari asarida “Zariasp” deb atalgan. Knidlik Ktesiy (V–IV asrlar) kitobida Ossuriya podshosi Ninning Baqtriyaga qilgan harbiy yurishlari bayon etilib, u Baqtriya aholisining koʻpligi va katta shaharlarga boyligini taʼkidlab oʻtadi. Tarix otasi Gerodot Ahamoniylar podshosi Kir II ning harbiy yurishlari haqida yozib, “Kir II Lidiyani oʻziga tobe etgach, uning oldida Bobil, Baqtriya xalqi, sak va misrliklar turardi”, deb maʼlumot keltiradi. Bundan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, Gerodot baqtriyaliklarni oʻsha paytning qudratli davlatlari Misr va Bobil bilan bir qatorda qoʻyadi. Tarixchi V. Geyder “Qadimgi Baqtriya oʻzining kuch-qudrati jihatidan boshqa yon qoʻshnilardan ancha ustun turib, ular orasida alohida mavqeni egallagan”, deydi. Tarixchi olimlarning fikriga koʻra, Baqtriya podsholigi hududi qadimgi Baqtriya oʻlkasiga qaraganda birmuncha kattaroq hududni egallagan. Arxeologik va yozma manbalarga qaraganda Baqtriya tarkibiga garchi har doim boʻlmasa ham, bir muddat Margʻiyona va Sugʻdiyona hududlari ham kirgan. Baqtriyaning tabiiy boyliklari uning qoʻshnilariga ham maʼlum boʻlgan. Jumladan, qadimgi muallif Diodor Baqtriya podshosi Oksiartning juda boy xazinasi haqida maʼlumot beradi. Shuningdek, Badaxshon laʼli Sharqda juda qadrlanib, Misr firʼavnlari va Bobil podsholarining saroylarini bezashda keng foydalanilgan. Qadimgi Baqtriya podsholigi Ahamoniylar davlati tomonidan tugatiladi. Olimlar buni koʻproq Kir II ning miloddan avvalgi 545–540-yillardagi Oʻrta Osiyo hududlariga yurishlari bilan bogʻlaydi.