Orqaga
Glossariyga qaytish

Qabila

Qabila (ot) — etnik birlik. Urugʻ va qabila atamalari koʻpincha bir maʼnoda ishlatilib ketilsa-da, tarixiy nuqtayi nazardan bu unchalik toʻgʻri emas. Qabila qon-qarindosh, tildosh va dindosh bir necha urugʻning uyushmasidir, shuningdek, bir urugʻ tabiiy ravishda koʻpayib, atrofidagi urugʻlari boʻysundirib, oʻz tarkibiga singdirib yuborishi oqibatida qabila tarzida shakllangan boʻlishi mumkin.

Qabila urugʻlarga boʻlinishidan tashqari oʻz hududiga, yagona qabilaviy (sheva) tiliga, qabila kengashiga va harbiy boshligʻiga ega boʻladi. Qabila kishilik jamiyati ishlab chiqarishning birmuncha ilgʻorroq formalariga, yaʼni ibtidoiy termachilik va ovchilikdan dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilikka oʻtgan paytda vujudga kela boshlaydi.

Shu oʻrinda tarixiy va badiiy adabiyotlarda tez-tez takrorlanib turadigan ʻʻoʻzbek xalqi 92 urugʻ (qabila)dan tashkil topganʼʼ degan fikrni ham xolisona talqin qiladigan boʻlsak, bu fikrlarga XVIII asrda tuzilgan ʻʻTarixiy Muqimxoniy kitobi va shoir Turdi sheʼrlarida keltirilgan 92 raqami asos qilib olinadi. Maʼlumki, ʻʻTarixiy Muqimxoniyʼʼda faqat Buxoro xonligi hududida yashovchi qabilalar tilga olinadi. Turdi Farogʻiy ham shu diyordagi turkiy qabilalarni nazarda tutadi. Vaholanki, Buxoro xonligining hududi Zarafshon vohasi va Turkistonning bir boʻlagini tashkil etardi, undan tashqari Xiva xonligida, Fargʻona vodiysi, Toshkent vohasi, Dashti Qipchoq, Yettisuv, Sharqiy Turkiston, Oltov, Kavkazda ham turkiy qabilalar yashardi, bular ʻʻTarixi Muqimxoniyʼʼga kirmay qolgan, Turdi Farogʻiy esa bularni nazarda tutmagan.

Qozoqlar oʻtmishda 300 dan, qoraqalpoqlar 130 dan, turkmanlar 100 dan ortiq qabila urugʻlardan tashkil topgan ekan, uzoq etnik taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtgan, nufuzi jahatidan ulardan bir necha marta koʻproq boʻlgan oʻzbek xalqi 92 qabila-urugʻdan tarkib topgan deb xulosa chiqarish hali tadqiqottalab masalalardan biridir.