Paxta ishi («Oʻzbek ishi»)
Paxta ishi (“Oʻzbek ishi”) Mustabid sovet hokimiyati tomonidan 1984–1989-yillarda oʻzbek xalqiga qarshi uyushtirilgan navbatdagi qatagʻon siyosati. 1984-yil 23-iyunda Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining“tarixiy” XVI plenumi boʻlib oʻtdi. Unda markazdagi Y. Ligachev va uning maslakdoshlari koʻrsatmasi bilan tayyorlangan dokladda respublika rahbar xodimlari va huquqni himoya qilish organlari ishida zudlik bilan shafqatsiz ravishda bartaraf qilish lozim boʻlgan jinoiy ishlar mavjudligi taʼkidlandi. Markaz tomonidan T. Gidlyan va Ivanov rahbarligida yuborilgan tergov guruhi hech kim bilan hisoblashib oʻtirmay odamlarni qamash bilan shugʻullandi. Oddiy dehqondan tortib Oʻzbekiston Kompartiyasi MQ kotiblari va hukumat aʼzolarigacha boʻlgan xodimlarni qamash uchun birovlardan zoʻrlab yozdirib olingan bir parcha qogʻozning oʻzi kifoya edi. Oʻzbekistonda qonunchilik buzildi, oʻzboshimchalik va qatagʻonchilikning yangi davri avj oldi. Ming-minglab iqtidorli, rahbarlik mahoratini puxta egallagan rahbar kadrlar, mirishkor paxtakorlar, ter toʻkib mehnat qilgan halol kishilar qamoqqa olindi. Hibsga olingan respublika partiya va davlat organlarining rahbarlari esa Moskva qamoqxonalariga tashlandi. Tergov xodimlari 30-yillarda ishlatilgan yaramas usullardan foydalanib, hibsga olinganlari qiynab, boshqalar ustidan toʻqilgan aybnomalarni ularning qoʻli bilan qaytadan yozdirib olardi va bu “aybnoma” tobora koʻp begunoh odamlarni qamashga asos boʻlib xizmat qilardi. Umuman, “Paxta ishi” (“Oʻzbek ishi”) “jinoyat” ishi boʻyicha jami 25 mingga yaqin kishi qiynoq ostiga olinib, soʻroq qilindi. 4,5 mingdan koʻproq kishi sud qilinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi. Butun SSSRda boʻlganidek, Oʻzbekistonda ham kamchiliklar, qoʻshib yozishlar, poraxoʻrlik illatlari va boshqa jinoyatchiliklar bor edi, albatta. Lekin bu illatlarni oʻzbek xalqi emas, balki sovet hokimiyatining ijtimoiy-siyosiy tuzumi keltirib chiqargan edi.