Parlament
Parlament (fransuzcha “parler” — soʻzlashmoq, gapirmoq) — qonun chiqaruvchi organ. Parlament ilk bor XIII asrda Angliyada davlat hokimiyatining vakillik organi sifatida vujudga kelib, keyingi asrlarda boshqa mamlakatlarga yoyildi. Parlament qonun boʻyicha belgilangan sondagi deputatlardan iborat boʻlib, hududiy saylov okruglari boʻyicha, odatda, koʻppartiyaviylik asosida belgilangan yoshga toʻlgan fuqarolardan saylanadi. Parlament turli davlatlarda turlicha nomlanadi. Rossiyada Davlat Dumasi, Ukrainada Rada, Serbiyada Skupshina, Shvetsiyada Rikstag, AQSHda Kongress, Isroilda Knesset, Moʻgʻulistonda Xalq Xurali, Afgʻonistonda Xalq Jirgʻasi, Ozarbayjonda Milliy Majlis, Oʻzbekistonda esa Oliy Majlis (1925–1989-yillarda Oliy Sovet, 1990–1994-yillarda Oliy Kengash deb yuritilgan).