Orqaga
Glossariyga qaytish

Oʻzbek

Oʻzbek (ot) — “Oʻzbek” atamasining kelib chiqishi xususida fanda ikki xil yondashuv mavjud: birinchi guruh tadqiqotchilar “Oʻzbek” atamasining kelib chiqishini Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxon (1312–1342) bilan bogʻlasalar, ikkinchi guruh olimlar “oʻzbek” atamasi oʻrta asrlarda Dashti Qipchoqda yashovchi koʻchmanchi xalqlarning boshqalarga tobe boʻlmagan, “oʻziga bek”, “oʻz-oʻziga bek”, talqinidan kelib chiqqan deb hisoblaydi. Yuqoridagi taxminlardan ikkinchisi tarixiy haqiqatga yaqinroq. Chunki “Oʻzbek” atamasi qabilalar uyushmasi va shu qabilalarga qarashli yerlarning nomi sifatida Oʻzbekxonga qadar ham qoʻllanilgan. Jumladan, Mirzo Ulugʻbek oʻzining “Tarixi arba ulus” asarida “oʻzbek ulusi Oʻzbekxonga berildi” deb yozadi. Bundan tashqari Oʻzbekxondan oldin ham shu nomda bir necha tarixiy shaxslar oʻtgan. Jumladan, XIII asr boshlaridagi Ozarbayjon hukmdorining ismi ham Oʻzbek Otabek boʻlgan. Movarounnahr yerlarida yashovchi aholi hali “oʻzbek” nomi bilan yuritilmay tarixiy manbalarda umumiy nom bilan “turkiylar” deb atalardi. “Oʻzbek” atamasining paydo boʻlishi tarixan olib qaraganda Movarounnahr hududlaridan chetda, shimolda Dashti Qipchoq yerlarida paydo boʻlgan edi. Dashti Qipchoq yerlarida oʻrta asrlarda koʻchmanchi chorvador oʻzbek qabilalari keng maydonda istiqomat qilishardi. Tarixiy manbalarda “Oʻzbek” atamasi XIII asr oxiriga taalluqli asarlarda ilk bor uchraydi. XV asrda Dashti Qipchoqda (hozirgi Qozogʻiston va Gʻarbiy Sibir choʻllariga toʻgʻri keladi) Abulxayrxon (1428–1468) tomonidan Koʻchmanchi oʻzbeklar davlatiga asos solinadi. Qudratli oʻzbeklar davlati shu davrdan boshlab Movarounnahrdagi siyosiy jarayonlarga aralasha boshlaydi. Abulxayrxonning nevarasi Muhammad Shayboniyxon (1451–1510) davrida oʻzbeklarning inqirozga uchrayotgan temuriylar davlatiga tazyiqi yanada kuchayadi. Oqibatda Movarounnahrdagi temuriylarning siyosiy tarqoqligidan unumli foydalangan Shayboniyxon boshliq koʻchmanchi oʻzbeklar bu yerlarni istilo etib, siyosiy hokimiyatni qoʻlga oladi. Endi tarixiy manbalarda Movarounnahri koʻchmanchi oʻzbeklar egallab olganligi uchun mazkur yerlarni oʻzbeklar yurti, shu yerda azaldan yashayotgan turkiy aholini ham umumiy nom bilan oʻzbeklar deb yuritish boshlandi. Bundan shunday xulosaga kelish kerakki, Movarounnahrda yashayotgan xalqqa oʻzbek nomi XVI asrdan boshlab berildi. Yuqorida taʼkidlanganidek, XI–XII asrlarga kelib oʻzbek xalqi xalq sifatida shakllanib, oʻzining antropologik-etnik xususiyatini olib boʻlgandi. Ana shu xalq oʻzining “Oʻzbek” nomini XVI asrga kelganda oladi. “Oʻzbekiston” siyosiy atamasi 1924–1925-yillarda Oʻrta Osiyoda oʻtkazilgan milliy-hududiy davlat chegaralanishidan soʻng paydo boʻlgan.