Orqaga
Glossariyga qaytish

Oriylar (Ariylar).

Oriylar (ot) — “oriy” soʻzi “erkin” degan maʼnoda tarjima qilinadi. “Avesto” ga koʻra, oriylar ijtimoiy hayotda jamoaning erkin, ozod, jangovar mulkdorlar tabaqasi boʻlib, mana shu tabaqa va uning oila aʼzolari oʻz urugʻ-aymoqlaridan farqli oʻlaroq “ozodlar”, yaʼni “oriylar” deb yuritilgan. Ular yashagan yurt oriylar vatani, oriylar kengligi, yaʼni “Aryanam Vaychah” deb nomlangan. Oriylar Markaziy Osiyo chorvador qabilalarining iqtisodiy yuksalishidagi koʻchmanchilik hayot bosqichining ijtimoiy mahsuli, ularning tashabbuskor va ishbilarmon qatlami, endi shakllanib kelayotgan sinfiy jamiyatning asilzodalar tabaqasi edi. Tarixiy tilshunoslik va arxeologik tadqiqotlarga koʻra, ular kelib chiqishi jihatidan eroniy til sohiblari boʻlmay, balki turkiyda soʻzlashgan. Miloddan avvalgi II ming yillikning oʻrtalarida Yevrosiyo choʻllarining oriylari oʻz chorvalariga yangi yaylov qidirib, janubga tomon, nafaqat Oʻrta Osiyoning ichki hududlariga, hatto Eron va Hindistongacha kirib boradi. Chorvador oriylarning shimoliy mintaqalardan kelib Eron adirlariga oʻrnashib qolgan joylar “Avesto” da “Ariana” nomini olgan. Demak, Eron “Ariana” soʻzining yangi shaklidir. “Avesto” va “Rigveda” ga koʻra, dastlab oriylar Eron va Hindistonga kelganda mahalliy aholiga nisbatan “begona”, “kelgindi”, “bosqinchi” maʼnosini anglatgan. Keyinchalik esa “xoʻjayin”, “asilzoda” maʼnosini kasb etgan. Ahamoniy podsholari Kir II va Doro I qoyatoshlarga bitilgan yozuvlarida oʻzining “haqiqiy oriy” ekanini alohida taʼkidlab koʻrsatadi. “Oriy” atamasi dastlab ijtimoiy maʼnoda qoʻllangan, keyinroq esa ular mahalliy aholi bilan qorishib ketgach, bu soʻz yangi etnik maʼno va mazmun kasb etdi, ulardan son jihatdan bir necha marta koʻp boʻlgan Eronning mahalliy aholisi til muhiti taʼsirida oriylar asta-sekin oʼz tilini yoʻqotib, eroniylashib ketadi.