Orqaga
Glossariyga qaytish

Oliy Majlis

Oliy Majlis — Oʻzbekiston Respublikasining oliy qonun chiqaruvchi organi. Oliy Majlis 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida joriy etilgan va unga birinchi saylov 1994-yil 25-dekabrda boʻlib oʻtgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan — Qonunchilik palatasi va Senatdan iborat. Ularning vakolat muddati 5 yil. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi hududiy saylov okruglari boʻyicha koʻppartiyaviylik asosida saylanadigan 150 deputatdan iborat. Oliy Majlis Senati aʼzolari 100 nafar boʻlib, ular Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat, tuman va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlisida deputatlar orasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda 6 kishidan saylanadi. Senatning qolgan 16 nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan koʻrsatiladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining mutlaq vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XVIII bob, 76–88-moddalarida belgilab berilgan.