Orqaga
Glossariyga qaytish

Oʻzbek xalqining etnik shakllanish bosqichlari

Oʻzbek xalqining etnik shakllanish bosqichlari — oʻzbek xalqi ikki xil til (turkiy va forsiy) da soʻzlashuvchi qabila va elatlarning aralashuvidan tarkib topgan boʻlib, bu ikki tilda soʻzlashuvchi jamoalarning etnik jihatdan dastlabki qorishuvi soʻnggi bronza davri (mil. avv. II ming yillikning oxiri) da yuz berdi. Bu davrni oʻzbek xalqi etnogenezining boshlanishi, yaʼni birinchi bosqichi deb hisoblashimiz mumkin. Soʻnggi bronza davrida boshlangan assimilyatsiya jarayoni antik davrga kelib (mil. avv. IV–II asrlar) oʻzbek xalqiga xos iqtisodiy xoʻjalik, etnomadaniy va antropologik tip birliklarini oʻzida mujassamlashtiruvchi, oʻtroq hayotga moslashgan turkiy hududiy maydon tarkib topdi. Natijada eramizdan avvalgi lI–milodiy I asrlar davomida turkiy tilli elat tarkib topdi. Bu davrga oʻzbek xalqi etnogenezining ikkinchi bosqichi sifatida qarash mumkin. Oʻzbek xalqi etnogenezining uchinchi bosqichi ilk oʻrta asrlar davrini oʻz ichiga oladi (milodiy IV–VII asrlar). Oʻrta Osiyo hududlariga turkiygoʻy xioniy, kidariy, eftaliylar va Turk xoqonligi kirib keldi va ular bilan birga kirib kelgan qabilalar tarkibida qarluq, chigil, tuxsi, argʻin, turk, kaltatoy, musabozori kabi turkiyzabon qabilalar koʻp edi. Tarixchi Aleksandr Yakubovskiyning taʼkidlashicha, bu davrda turkiy qabilalar kirib bormagan Oʻrta Osiyoning biror joyi qolmagan. Movarounnahr yerlarini arablar egallagach, ular bu zaminga turkiy qabilalarini muntazam kirib kelishini toʻxtatish yoʻlini qidirdi. Bu zaminga oldinroq kirib kelib, oʻrnashib qolgan turkiylarning oʻtroqlashuvi jadallashdi. Natijada butun VIII asr davomida Movarounnahr hududlarida yaxlit turkiy etnik qatlam va jonli turkiy til muhiti vujudga keldi. Mahalliy sugʻdiy-zabon aholi orasida turkiylashish jarayoni tezlashdi. IX–X asrlarda Movarounnahrda garchi siyosiy hokimiyat somoniylar qoʻlida boʻlsa-da, Movarounnahr va Xorazmda turkiy etnik qatlam kuchli etnik asosga ega boʻldi. Bu kuchli etnik asosni oʻtroqlashgan turgʻun turklar tashkil etardi. Bu davrga oʻzbek xalqi etnogenezining toʻrtinchi bosqichi sifatida qarash mumkin. Qoraxoniylar davrida Movarounnahr va Xorazmda siyosiy hokimiyat turkiy sulolalar qoʻliga oʻtishi munosabati bilan oʻzbek xalqi etnogenezining yakunlovi beshinchi bosqichi boshlandi. Oʻzbekka xos turkiy etnos mintaqada qaror topdi. Elatga xos barcha etnik omillar roʻyobga chiqdi. Demak, oʻzbek elati xalq sifatida XI–XII asrning birinchi yarmida uzil-kesil shakllandi. Oʻzbek xalqining shakllanishi bilan uning etnik tarixi boshlanadi. Oʻzbek xalqining etnik tarixi ham uzoq davom etadigan tarixiy jarayon boʻlib, bu jarayon mintaqada kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlarining qaror topa boshlagan davrgacha, yaʼni XIX asrning oxiri–XX asrning boshlarigacha davom etdi. XX asr boshlaridan oʻzbek millatining shakllanish jarayoni boshlandi. Bu tarixiy jarayon hozirgacha davom etmoqda.