Oʻzbek xalqining etnik asosini tashkil etgan turkiy qabila-elatlar
Oʻzbek xalqining etnik asosini tashkil etgan turkiy qabila-elatlar — oʻzbek xalqining etnik shakllanishida turkiy qavmlarning oʻrni nihoyatda katta. Turk etnosining ilk vatani janubi-sharqiy Ural togʻidan to Janubiy Sibirning sharqiy chegarasigacha boʻlgan hududlar hisoblanadi. Bu etnik qatlamning Oʻrta Osiyoga kirib kelishi bronza davri (miloddan avvalgi II ming yillik) dan boshlanib, to milodiy XI–XII asrlarga qadar davom etgan. Ushbu davrlar oraligʻida Movarounnahr va Xorazm hududlariga ketma-ket bir necha turkiy qabilalarning kirib kelishi kuzatiladi. Davriy jihatdan ularni quyidagi tarzda qayd qilishimiz mumkin: yuechjilar (mil. avv. II–I asrlar), xioniylar (milodiy IV asr), kidariylar (IV–V asrlar), eftaliylar (V asr), turkiylar (VI–VII asrlar), qarluq, chigil, yagʻmolar (IX–X asrlar), oʻgʻuzlar, qoraxitoylar (XI–XII asrlar). Bir necha asrlar mobaynida Movarounnahrda turkiy til ustunligi oʻrnatilib, anʼanaviy sharqiy eroniy, xorazmiy, sugʻdiy va boxtariy tillar siqib chiqarildi va mahalliy aholi tili turkiylashib ketdi.