Orqaga
Glossariyga qaytish

Oʻzbek xalqining etnik asosini tashkil etgan qadimgi qabila-elatlar

Oʻzbek xalqining etnik asosini tashkil etgan qadimgi qabila va elatlar — Turon zaminida miloddan avvalgi I ming yillikning oʻrtalari va ikkinchi yarmi–milodiy I ming yillikning birinchi yarmida yashagan koʻchmanchi va oʻtroq aholi. Hududiy jihatdan ular quyidagicha joylashgan: 1. Qadimgi xorazmliklar — ular Amudaryoning quyi oqimida, hozirgi Xorazm viloyati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarida yashagan. 2. Sugʻdiylar (Sugʻdiyonaliklar) — Zarafshon daryosi havzasi, hozirgi Samarqand, Buxoro va Qashqadaryo vohalarida yashagan. 3. Baqtriyaliklar — ular hozirgi Tojikistonning janubi-gʻarbi, Afgʻonistonning shimoli va Surxondaryo viloyati oʻrnida yashagan. 4. Choch (Shosh) liklar — Sirdaryoning oʻrta havzasi, hozirgi Toshkent viloyati va Qozogʻistonning janubiy hududlarida istiqomat qilgan. 5. Margʻiyonalik va parfiyonlar hozirgi Turkmaniston va Eron hududlarida yashagan. Yuqorida nomlari keltirilgan qabila-elatlar Oʻrta Osiyodagi oʻtroq-ziroatchi aholi boʻlib, daryo vohalarida dehqonchilik, hunarmandchilik bilan shugʻullanib, bir-biri bilan oʻzaro qizgʻin savdo-iqtisodiy hamda madaniy aloqada boʻlgan. Mazkur oʻtroq aholining koʻchmanchi chorvador aholi bilan ham aloqalari teran boʻlib, koʻchmanchi aholidan eng koʻp sonlisi sak, massaget va parn-daxlar edi. Ular asosan Amudaryo va Sirdaryoning oʻng va soʻl sohillaridagi sahrolarda chorvachilik bilan shugʻullangan.