Orqaga
Glossariyga qaytish

Naqib

Naqib (ot) — oʻzini Muhammad paygʻambar (s.a.v) ning avlodlari deb hisoblaydigan sayyidlar jamoalarining yetakchi, rahbarlari lavozimi. Naqib lavozim sifatida arab xalifaligi davrida vujudga kelgan boʻlib, hukmron doiralar naqib orqali sayyidlar jamoalari bilan muomala qilgan. Shayboniylar davrida naqib mansabining ahamiyati yanada kuchaygan va devonbegidan keyingi ikkinchi muhim davlat mansabiga aylangan. Naqib xonning eng yaqin va ishonchli kishilaridan hisoblangan. Rasmiy qabul marosimlarida uning oliy hukmdor chap tomonidan birinchi boʻlib joy olishi naqibning saroyda tutgan yuksak maqomidan dalolat beradi. Xonning farmon-yorliqlarida ham naqib nomi birinchi boʻlib zikr etilgan. Davlatning ichki va tashqi siyosati va harbiy masalalarda oliy hukmdorning birinchi maslahatchisi sifatida qaralgan naqiblarga masʼuliyatli elchilik vazifalari ham yuklatilgan.