Orqaga
Glossariyga qaytish

Muvaqqat Hukumat

Muvaqqat Hukumat — Rossiya imperatori Nikolay II taxtdan voz kechganidan soʻng barpo etilgan Rossiyadagi birinchi demokratik hukumat. 1917-yil 2-martdan 25-oktyabrgacha faoliyat koʻrsatgan. Muvaqqat hukumatning 4 ta tarkibi almashgan: 2-martdan 24-iyulgacha faoliyat koʻrsatgan 1–2-tarkiblarga kadet G. E Lvov, 24-iyuldan 25-oktyabrgacha faoliyat yuritgan 3–4-tarkibga esa kadet A. F. Kerenskiy raislik qilgan. Muvaqqat hukumat podsho Rossiyasi davridagi politsiya tartibotini bekor qilgan, sobiq ministrlar soveti aʼzolari qamoqqa olinganini qonuniylashtirgan, ilgari amal qilgan katorga va surgunlarni bekor qilib, siyosiy mahbuslarga amnistiya eʼlon qilgan. Siyosiy erkinliklar joriy qilishga, Taʼsis majlisini chaqirishga vaʼda bergan. Majlis va ittifoq erkinligini eʼlon qilgan, imperator xonadoniga qarashli yerlarni davlat ixtiyoriga olish boʻyicha farmonlar chiqargan. 1-sentyabrda Rossiyani Respublika deb eʼlon qilgan. Tashqi siyosatda Rossiyaning Antanta mamlakatlari oldidagi majburiyatlarini bajarish maʼnosida Germaniya bilan urushni “to gʻalabaga qadar davom ettirishni eʼlon qiladi. Urush iqtisodiy inqirozga yuz tutgan Rossiya uchun qimmatga tushadi va frontlarda rus qoʻshinlari qator magʻlubiyatlarga uchraydi. Bu esa Muvaqqat hukumatning inqirozini yanada tezlashtiradi. Bolsheviklar Muvaqqat hukumat yuritayotgan siyosatga qarshi agitatsiyani kuchaytiradi. Muvaqqat hukumat 1917-yil 25-oktyabrdagi bolsheviklar amalga oshirgan davlat toʻntarishi natijasida agʻdarib tashlanadi.