Moniylik dini
Moniylik (ot) — Vatanimiz hududlarida zardushtiylik dini bilan bir qatorda islom dinidan oldin mavjud boʻlgan dinlardan biri. Asoschisi Moniy ibn Fatak (216–277). U Eronning Taysafun (Ktesifon) shahri yaqinida tugʻilgan. Moniy Eron, Markaziy Osiyo va Hindiston boʻylab safar qilib zardushtiylik, buddaviylik, brahmanlik dinlari va boshqa diniy taʼlimotlar bilan tanishib, ularning baʼzi tomonlarini oʻzida singdirgan moniylik diniy taʼlimotini yaratadi. Bu taʼlimot boshqa mamlakatlarda ham qiziqish uygʻota boshlaydi. Jumladan, sosoniylar shohi Shopur I (239–272) bu ta’limotni quvvatlab, Moniyni saroyga taklif etadi. Moniy 242-yilda oʻz ta’limotini birinchi marta bayon etib va’z oʻqiydi. Shopur I ushbu taʼlimotni xristianlik va boshqa mahalliy dinlarga qarshi qoʻymoqchi boʻladi. Biroq zardushtiylik kohinlari bu diniy taʼlimotga keskin qarshi chiqadi. Moniy muvaffaqiyatsizlikka uchrab, Erondan qochishga majbur boʻladi va oʻz gʻoyalarini Oʻrta Osiyoda targʻib qila boshlaydi. Moniy ta’limotida borliqning asosini ikkita qarama-qarshi dunyo — yorugʻlik, yaxshilik, ruh olami bilan zulmat, yovuzlik materiya olamining oʻzaro kurashi tashkil etadi. Birinchi olamda xudo, ikkinchisida shayton, iblis hukm suradi. Ikki olam kurashi falokat bilan tugaydi, natijada materiya halokatga uchraydi, ruh ozodlikka chiqadi. Moniy ta’limotiga ko’ra, bu dunyo yovuzlik dunyosidir. Moniylik hayotda zohirona yashashni targʻib qilgan. Ular goʻsht iste’mol qilmasligi, foniy dunyoning oʻtkinchi moliga qoʻl urmasligi lozim boʻlgan. Moniy tarafdorlarining shiori: “Kimki boy boʻlsa, keyin qashshoq boʻlib sadaqa soʻraydi va abadiy azob chekadi”. Moniy 273-yilda Eronga qaytadi va shoh Bahrom I (273–276) ning topshirigʻiga koʻra hibsga olinib, zindonband qilinadi. 277-yilda qatl etiladi. Moniylik taʼlimoti Moniy oʻlimidan keyin keng tarqaladi. U Oʻzbekiston, Sharqiy Turkiston hududlaridan tashqari, Italiya va Ispaniyadan to Xitoygacha yoyilgan. VIII asrda bu din Uygʻur xonligida hukmron dinga aylanadi. Ammo keyinchalik moniylik islom dini ta’qibiga uchraydi va asta-sekin barham topadi. Moniy oʻrta asr Sharq sheʼriyatida mashhur naqqosh va rassom sifatida ham koʻp tilga olingan.