Milodiy yil hisobi
Milodiy yil hisobi — jahon xalqlari oʻtmish tarixdagi voqea-hodisalari maʼlum tartib, ketma-ketlikda bayon etishga ehtiyoj sezib, oʻzlarining yil hisobilarini — kalendarlarini yaratgan. Qadimgi Misrda, Mesopotamiya xalqlarida, hindlarda, xitoyliklarda, yunonlarda va qadimgi rimliklarda oʻziga xos yil hisobi (kalendar) amal qilgan.
Jumladan, musulmon dunyosida bugunga qadar amal qilib kelinayotgan hijriy yil hisobi mavjud. Oʻrta Osiyo xalqlari ham Movarounnahrga islom dini va islom madaniyati kirib kelishi bilan bir vaqtda hijriy yil hisobidan foydalana boshlagan. Vatanimiz tarixining arab istilosidan to XX asr boshlarigacha boʻlgan tarixiy voqealari oʻrta asr qoʻlyozmalari va boshqa yozma manbalarda hijriy yil hisobi bilan yoritib kelingan. Turkistonda Rossiya imperiyasi va keyinchalik sovetlar hokimiyati oʻrnatilgach, Oʻrta Osiyoda ham Yevropada amalda boʻlgan milodiy yil hisobi joriy qilindi va bu hozirgacha amalda boʻlib kelmoqda.
Milodiy yil hisobi xristian (nasroniylik) dinining paygʻambari Iso alayhissalom (Iesus Xristos)ning tavallud topgan yilidan boshlanadi. ʻʻMilodʼʼ soʻzi arabchadan ʻʻtugʻilmoqʼʼ degan maʼnoni anglatadi. Aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, masalan, hozirgi biz yashab turgan yil bu — Iso paygʻambarning yoshi. Iso paygʻambar tugʻilganidan keyin sodir boʻlgan voqealar milodiy (eramiz), Iso paygʻambar tugʻilishidan oldin boʻlib oʻtgan voqealar esa miloddan avvalgi (eramizdan avvalgi) deb yuritiladi.