Milliy Ittihod, «Milliy Istiqlol»
Milliy Ittihod, “Milliy Istiqlol” Turkiston jadidlari tomonidan tashkil etilgan yashirin tashkilot (1920–25). Munavvarqori va Sadriddinxon Sharifxoʻjayev tashabbusi bilan Toshkentda tuzilgan. “Turk adam markaziyat(federalistlar) firqasi” (1917-yil iyul) “ittihod va taraqqiy” (“Ittihodi taraqqiy”. 1917–20) yashirin tashkilotlari asosida tashkil topgan. Bolsheviklar rejimiga qarshi kurashda sovet muassasalarida xizmat qilayotgan milliy rahbar xodimlarga tayangan va oʻz oldiga Turkistonda milliy mustaqil davlatni barpo etishni bosh maqsad qilib qoʻygan. “Milliy ittihod”ning oʻzagini oʻz Vatanining mustaqil boʻlishi yoʻlida kurashga tayyor boʻlgan taraqqiyparvar ziyolilar tashkil etdilar. Milliy ittihod tashkiloti faoliyatida Munavvarqoridan tashqari T. Jonuzoqov, Ashurali Zohiriy, U. Asadullaxoʻjayev, Sayd Ahruriy, S. Sharifxoʻjayev, Salimxon Tillaxonov va boshqalar muhim rol oʻynashdi. 1920-yildan boshlab tashkilotning Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Buxoro va Xorazm shoʻbalari tashkil qilindi. 1920-yil noyabrda Munavvarqorining Buxoroga borishi va Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Maorif nozirligida vaqt boʻlimi mudiri vazifasida ishlashi bilan tashkilot markazi Toshkentdan Buxoroga koʻchdi. Buxoroda 5 kishidan iborat Markaziy Qoʻmita tashkil qilinib, unga Saʼdullaxoʻja Tursunxoʻjayev, Abduqodir Qushbegiyev va boshqalar kiritiladi. Tashkilot qayta tuzilib, uning yangi dasturi va nizomi ishlab chiqiladi, muhri tasdiqlanadi. Munavvarqori Toshkentda GPU tomonidan qamoqqa olingach (1921-yil 30-mart–1-dekabr), maʼlum muddat tashkilot faoliyatida qatnashmadi. Yosh buxoroliklar firqasining sobiq aʼzolari (Fitrat, Otaulla Xoʻjayev, Mukammil Burhonov, A. Muhiddinov, Usmon Xoʻja, Muinjon Aminov, Porso Xoʻjayev va boshqalar) “Milliy ittihod” tashkiloti faoliyatida ishtirok qildilar. Validiyning Buxoroga kelishi va Turkiston milliy birligi tashkiloti tuzilishi bilan (1921-yil avgust) Milliy ittihod faoliyati yanada kuchaydi. Keyinchalik Choʻlpon, S. Mirjalilov, O. Mahmudov, Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov, Bekjon Rahmonov ham tashkilot faoliyatiga yaqindan yordam berdilar. Milliy ittihod tashkilotining shu vaqtdagi asosiy maqsadi Buxoro respublikasi, umuman, Turkiston mintaqasini sovetlashtirish va ruslashtirish taʼsiridan saqlab qolish, yurt mustaqilligiga erishish edi. “Milliy ittihod” tashkiloti aʼzolari mavjud tuzumga qarshi qurolli harakat rahbarlari bilan aloqa oʻrnatib, Rahmonqul qoʻrboshi huzuriga S. Sharifxoʻjayev, Usmonxoʻja Toʻxtaxoʻjayev va Tangriqulxoji Maqsudiylarni gʻoyaviy mafkurachilar sifatida yubordi (1921-yil mart). Keyinchalik S. Sharifxoʻjayev qisqa muddat qamoqda boʻlgach, Salim Posho bilan birgalikda avval Afgʻoniston, soʻngra Eronga oʻtib ketdi (1923-yil iyul). Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazilishi arafasida 1924-yil oxirlarida tashkilot markazi qayta Toshkentga koʻchadi. Viloyat shoʻbalari yangi xodimlar bilan kengaytiriladi. Oʻzbekiston SSR tashkil topgach, GPU tomonidan har tomonlama siquv ostigaolingan “Milliy ittihod” 1925-yil boshlarida oʻzini tarqatilgan deb eʼlon qiladi va keyinchalik uning asosida “Milliy istiqlol” tashkiloti tuziladi. Bu yashirin tashkilot 1926–29-yillarda mavjud boʻlib, uning faoliyatida S. Tillaxonov muhimrol oʻynaydi. Keyinchalik buxorolik va fargʻonalik milliy ittihodchilar ham bu tashkilotga kelib qoʻshilganlar. “Milliy istiqlol” tashkiloti nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Oʻrta Osiyoda demokratik respublika tamoyillariga asoslangan tuzum oʻrnatishni oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishi deb hisobladi. Biroq sovet davlati mustahkamlana boshlashi bilan tashkilot oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻldi. 1929-yil noyabrda Toshkentda Munavvarqori boshchiligidagi 38 kishi(keyinchalik 87 kishi) bu tashkilotning aʼzosi sifatida qamoqqa olindi. Tergov jarayoni keyinchalik Toshkentdan Moskvaga koʻchirildi va ular qatagʻon qilindi.