Millat
Millat (ot) — kishilar uyushuvining eng oliy formasi. U kishilarning madaniy va psixologik ongi (mentaliteti) bilan ajralib turadigan shaklidir. Ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanib borishi, iqtisodiy va madaniy aloqalarning kuchayishi bilan elat va xalqlar millatga aylanadi. Millat bilan xalq taʼrifi tashqaridan qaraganda bir-biriga oʻxshash koʻrinsa-da, mohiyatan ular bir maʼnoni anglatmaydi. Birinchidan, xalq uzil-kesil shakllangan feodal (oʻrta asr) jamiyatining ijtimoiy mahsuli, millat esa kapitalistik jamiyatning ijtimoiy mahsulidir. Ikkinchidan, xalqni uyushtiruvchi etnik omillardan hududiy birlik chegaralari tarix taqozosiga koʻra, oʻzgaruvchanlik xususiyatiga ega boʻladi. Ammo millat davlat chegaralari qatʼiy, mutlaqo daxlsiz, jahon jamoatchilik tashkilotlari tomonidan tan olingan boʻladi. Uchinchidan, xalq shakllangan paytda hamma vaqt ham uning etnik nomi boʻlavermaydi, xalq millat darajasiga koʻtarilganda esa uning etnik nomi boʻlishi shart. Masalan, oʻzbek xalqi nomi uning elat sifatida shakllanib boʻlganidan ancha keyin (XVI asrda) paydo boʻldi. Toʻrtinchidan, xalqning siyosiy uyushmasi — davlat tarix taqozosiga koʻra, hamma vaqt ham etnos nomi bilan atalmaydi, ammo xalq millatga aylanganida davlat nomi millat nomi bilan yuritilishi shart. Beshinchidan, etnosning xalq darajasida oʻzlikni anglash, milliy gʻurur, vatan fidoyisi boʻlish, oʻz xalqidan faxrlanish hissi oʻsha davr jamiyati tartib-qoidalariga koʻra, koʻpchilikda bir xil, yuksak darajada boʻlavermaydi. Ammo xalq millat darajasiga koʻtarilganda bu sifatlar yuksak darajada boʻladi. Oltinchidan, etnosning til birligi elatning xalq darajasida doim ham davlat maqomini olavermaydi, xalq millat darajasiga chiqqanida uning tili, albatta, davlat tili maqomini olishi shart. Millat oʻzining tili uchun qaygʻuradi va uni himoya qiladi, uning adabiy tili tarkibiga har qanday chet soʻzlarni tiqishtiravermaydi. Millat vakili har joyda oʻz ona tilida gapiradi. Yettinchidan, mentalitet etnosning xalq darajasida emas, balki millat darajasida shakllanadi va nihoyat, sakkizinchidan, millat uzil-kesil shakllanganda davlat jamiyat tomonidan boshqariladi, yaʼni davlat xalq xizmatchisi, barcha sohalarda millat talabi va xohish-irodasini bajaruvchi mexanizmga aylanadi.