Masjid
Masjid (ot) (arabcha “sajada” — egilish, itoat etish, sajda qilib yuzini yerga tegizish) — sajda va ibodat qilinadigan joyni anglatadi. Mahallalardagi masjidlar shu yer aholisi kundalik namoz oʻqishi uchun, jome masjidlari esa kundalik namoz bilan birga juma va hayit namozlari uchun moʻljallangan va ularga shaharning markazidan eng yaxshi joy ajratib berilgan. Baʼzi masjidlar qoshida boshlangʻich maktab boʻlib, bolalar oʻqitilgan. Masjidlar diniy targʻibot vazifasini oʻtagan boʻlsa ham, ularda boshqa turli masalalar (oilaviy mojarolarni hal etish, urishganlarni yarashtirib qoʻyish, nojoʻya ish qilganlarni toʻgʻri yoʻlga solish kabi) ham hal etilgan. Masjidlar yonida baland minoralar bittadan toʻrttagacha qurilgan. Bular koʻproq masjidni bezagi uchun bunyod etilgan.