Orqaga
Glossariyga qaytish

Mardikorlikka olish

Mardikorlikka olish — Rossiya imperiyasi Antanta ittifoqida Germaniya va Turkiyaga qarshi 1914-yildan birinchi jahon urushiga kirdi. Rus qoʻmondonligi urushda noʻnoqligi, uquvsizligi tufayli oʻrinsiz qurbonlar berib, Rossiyaning urushga taraddudi puxta boʻlmaganligini koʻrsatdi. Doʻppisi tor kelib qolgan rus qoʻmondonligi urush ogʻirligini mustamlakalar yelkasiga ortib, ularni ezish siyosatiga oʻtdi. Imperator Nikolay II imzo chekkan va 1916-yil 25-iyun kuni eʼlon qilingan“Imperiyadagi rus boʻlmagan erkak aholini harakatdagi armiya rayonida muhofaza inshootlari va harbiy aloqa yoʻllari qurish uchun olib boriladigan ishlarga, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur boʻlgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish haqida” farmon chiqardi. Mardikorlikka olish toʻgʻrisidagi bu farmonga koʻra Turkiston, Sibir va Kavkaz xalqlaridan 19 yoshdan 43 yoshgacha boʻlgan erkaklarni safarbar qilish koʻzda tutilgan edi. Safarbarlik toʻgʻrisidagi farmonning eʼlon qilinishi va mardikorlikka olinuvchilar roʻyxatini tuzish jarayonidagi adolatsizliklar va qonunbuzarliklar aholi oʻrtasida keskin noroziliklarga va tarixda mashhur 1916-yilgi xalq qoʻzgʻolonlariga sabab boʻldi.