Orqaga
Glossariyga qaytish

Maqbara

Maqbara (ot) — qabr ustiga qurilgan yodgorlik binosi, mavzoley. Marqad, turbat deb ham yuritiladi. Oʻrta Osiyodagi majusiy (otashparast), buddaviy, nasroniylar qabrlariga qurilgan arxitektura yodgorliklari oddiy koʻrinishga ega. Lekin islom dini taʼsirida vujudga kelgan maqbaralar hashamatli, murakkab imoratlar sifatida taraqqiy etgan. Islomda qabrustiga yodgorlik qoʻyish, unga sigʻinish man etilgan boʻlsa ham, IX asrdan boshlab maqbaralar qurish odat tusini olgan. Keyingi asrlarda asosan podshoh, mashhur islom dini olimi va shayxlarning qabri ustiga turli maqbaralar qurildi. Dastlab maqbaralar oddiy koʻrinishga ega boʻlgan boʻlsa, yillar oʻtishi bilan maqbaralar tobora katta va koʻrkam, hashamatli qilib barpo etilganki, Ismoil Somoniy, Ahmad Yassaviy, Amir Temur, Shohi Zinda, Tojmahal kabi ulugʻvor maqbaralar meʼmorchilik sanʼatining yuksak namunalariga aylandi.