Madrasa
Madrasa (ot) (arabcha “darasa” — oʻrganmoq) — dars oladigan joy. Madrasalar musulmonlarning oʻrta va oliy oʻquv yurti hisoblanadi. Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida hozirgi vaqtda madrasalarda davlat muassasalari xodimlari ham tayyorlanadi. Madrasalar dastlab VII–VIII asrlarda islom dini ulamolari musulmon ilohiyoti masalalarini sharhlab berib turadigan markaz sifatida paydo boʻldi. IX–XIII asrlarda madrasalar islom dini tarqalgan mamlakatlarda, jumladan, Oʻrta Osiyoda ham paydo boʻlib, madrasa uchun maxsus binolar qurila boshlandi. Madrasalarni hukmdorlar, yirik yer egalari va davlatmand kishilar oʻz mablagʻi hisobidan qurdirgan. Madrasalarga diniy maktabni bitirgan bolalar qabul qilingan. Madrasalarda taʼlim 3 bosqichda: boshlangʻich (adno), oʻrta (avsat) va yuqori (aʼlo) bilimda olib borilgan. Madrasalarda diniy bilimlardan tashqari, tibbiyot, aruz ilmi, falsafa, jugʻrofiya va boshqa fanlar ham oʻrgatilgan. Talabalar darsni oʻzlashtirishiga qarab madrasalarda 15–20 yillab oʻqigan.