Orqaga
Glossariyga qaytish

Maʻmun Akademiyasi

Maʼmum akademiyasi — 1004-yilda Xorazmning qadimiy poytaxti Gurganjda Xorazmshoh Maʼmun ibn Maʼmun tomonidan tashkil etilgan akademiya. Bu akademiya (“Maʼmun akademiyasi”) ning asosini Abu Nasr ibn Iroq (X asr–1034), Abulxayr ibn Hammor (991–1048), Abu Sahl Masihiy (970–1011), Abu Rayhon Beruniy (973–1048), Abu Ali ibn Sino (980–1037) va boshqalar tashkil etgan. 1017-yilda Mahmud Gʻaznaviy Xorazmni bosib olgach, “Maʼmun akademiyasi” oʻz faoliyatini toʻxtatgan. Olimlarning koʻpchiligi Gʻazna shahriga majburan olib ketilgan. Xorazmning qadimgi poytaxti Gurganj hozirda Koʻhna Urganch deb nomlanib, Turkmanistonning Toshhovuz viloyatida, bugungi Xiva shahridan taxminan 100 km masofada joylashgan. Mahalliy xalq Koʻhna Urganchni koʻproq “360” deb ataydi. Rivoyatlarga qaraganda, bu shaharda oʻtmishda 360 ta shayx, mutafakkir va olim-u fuzalo oʻtgan ekan. Ularning orasida shu darajada yetuklari boʻlgan ekanki, hatto ular Amudaryo suvini orqasiga oqizish qobiliyatiga ega boʻlgan. Mazkur 360 nafar alloma “Maʼmun akademiyasi” dovrugʻining xalq xotirasida rivoyat shaklidagi koʻrinishi boʻlsa ajab emas. 1997-yil 11-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Xorazm ‘Maʼmun akademiyasi’ ni tiklash toʻgʻrisida” gi farmoni eʼlon qilinib, mazkur farmonga binoan, bu akademiya tarkibida arxeologiya, til va adabiyot, biologiya boʻlimlari tashkil qilindi va ajdodlarimizning ismi va ruhiga loyiq ish olib borish kabi xayrli ishlar boshlandi.