Orqaga
Glossariyga qaytish

Kushon davlati

Kushon (ot) — milodimizning I–IV asrlarda Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, shimoli-gʻarbiy Hindiston va shimoli-sharqiy Eron hududlarida hukmronlik qilgan sulola. Oʻzbek davlatchiligi tarixida Kushonlar davlati saltanat (imperiya) darajasiga koʻtarilgan dastlabki davlat birlashmasidir. Kushon davlatiga shimoli-sharqdan Yunon-Baqtriyaga miloddan avvalgi 140–130-yillarda bostirib kirgan yuechji qabilalari asos solgan. Sugʻdiyona va Baqtriyaga kelib oʻrnashgan yuechjilar Hyumi, Shuanji, Guyshuan, Xise va Dumi kabi yirik, bir-biriga qarindosh xonadonlardan iborat ediki, ular oʻrtasida hokimiyat uchun kurashda Guyshuan xonadoni gʻolib chiqadi va Guyshuan (Kushon) podsholigiga asos solinadi. Kushon podsholarining shajarasi qabila sardori Geraydan boshlanadi. Uning vorisi Kudzula Kadfiz (15–51) va Vima Kadfizlar davrida (51–78) Kushon podsholari mustaqil davlat sifatida oʻz nomidan mis, oltin va kumush tangalar zarb etishni boshlaydi. Kanishka davrida (78–123) Hindistonning janubiy viloyatlari, Xorazm, Choch, Farg’ona va hatto Gʻarbiy Xitoy ham Kushon davlati tarkibiga kiritiladi. Buddizm dini davlat diniga aylantiriladi. Davlatning poytaxti Dalvarzintepadan (Surxondaryo viloyati) Peshovar (Pokiston) ga koʻchiriladi. Kanishka podsholik qilgan davrda Kushon saltanati Osiyodagi eng yirik davlat darajasiga ko’tarilgan. Numizmatik manbalarda Kanishkadan keyin Vasishka, Xuvishka. Vasudeva kabi podsholarning nomlari saqlangan boʻlib, ular ushbu davlat tarixida keskin ajralib turadigan iz qoldirmagan. Milodiy IV asrning oxiriga kelib, ichki nizolar, Gʻarbdan sosoniylar davlati va shimoldan koʻchmanchi turkiy qabilalar bergan zarbalar natijasida Kushon podsholigi batamom yemiriladi va barham topadi.