Kommunizm
Kommunizm (lotincha “communis” — umumiy, ommaviy)bolsheviklar taʼbiri bilan aytganda kapitalistik tuzum oʻrniga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy tuzum. Kommunizmning birinchi bosqichi sotsializm boʻlib, ijtimoiy-iqtisodiy tenglikka asoslangan ana shu sotsialistik jamiyat taraqqiyotda davom etib kommunizmga qadam qoʻyadi. Kommunizm— insoniyat jamiyatini tashkil etishning eng oliy formasi boʻlib, unda shaxsning barcha ijtimoiy, iqtisodiy, maishiy vahuquqiy ehtiyojlari toʻla qondirilgan boʻladi deb taʼriflangan. Kommunizmga yetish uchun kommunistlar tomonidan zoʻr berib targʻibot va tashviqot qilingan boʻlsa-da, bu jamiyatni qurishning imkoni boʻlmadi. Chunki insonning hayotiy ehtiyojlari turli-tuman va cheksizdir. Ehtiyojlar toʻliq qondiriladigan jamiyatni qurish shu maʼnoda xayoliy farazdan boshqa narsa emas. Sovet jamiyati XX asrning 70-yillari oxiridan boshlab ijtimoiy-iqtisodiy hayotni bir qadar qisqa muddat yaxshilashga erishgan boʻlsa-da, kommunistik partiya daholari va ularga ergashgan sovet fuqarolari kommunistik jamiyat hali oldinda deb hisoblashdi. 80-yillarning oʻrtalaridan esa sotsialistik jamiyat chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy inqiroz koʻchasiga kirib qola boshladiki, endi kommunizm gʻoyasi oxiri yoʻq, istiqbolsiz gʻoyaekanligini har bir sogʻlom fikrli odam anglab yeta boshladi.