Kommuna
Kommuna (fransuzcha “commune” — jamoa, lotincha “communis” — umumiy, ommaviy) 1) mulk va mehnatni umumlashtirish, oʻz-oʻzini boshqarish huquqlariga ega boʻlish asosida birlashgan kishilar jamoasi. Oʻrta asrlardaYevropada shahar aholisining senyorga (yirik feodal yoki qirolga) qarshi kurashish uchun tuzgan ittifoqi. Ana shukurashda gʻolib chiqqan shaharliklar oʻzini oʻzi boshqarish huquqi (kommuna)ni qoʻlga kiritganlar. 2) bir qator davlatlarda quyi maʼmuriy-hududiy birlik. Kommunani boshqarish saylab qoʻyiladigan munitsipial kengashlar(menitsipalitet) tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu kengash kommunal xizmatlar faoliyatini tashkil etish (sogʻliqni saqlash, taʼlim, suv, gaz, elektr bilan taʼminlash, obodonchilik va boshqa), mahalliy ahamiyat kasb etuvchi boshqa jamoat ishlarini oʻtkazish kabi vazifalar bilan shugʻullanadi. Munitsipial kengashning ijrochi organi kengash tomonidan saylanadigan yoki hukumat tomonidan tayinlanadigan mer (yoki burgomistr) hisoblanadi.