Kollektivlashtirish
Kollektivlashtirish (Jamoalashtirish) — qishloq xoʻjaligida mulkdorlar tabaqasini tugatish maqsadida sovet hukumatining 1929–1933-yillarda oʻtkazgan siyosati. Unga koʻra, xususiy tadbirkor va oʻziga toʻq dehqon xoʻjaliklariga qarashli yerlar davlat foydasiga tortib olinib, ularning oʻrnida davlat xoʻjaliklari (sovxoz) va jamoa xoʻjaliklari (kolxozlar) tashkil etildi. Yeri tortib olingan zamindorlar, boy dehqon xoʻjaliklari, oʻziga toʻq xonadon sohiblari kolxozlashtirishga qarshi chiqishi mumkin deb, ichki ishlar xodimlari tomonidan xalq dushmani deb eʼlonqilindilar. “Quloq” qilinganlar Ukraina, Sibir va Qozogʻistonning odam yashamaydigan choʻllariga, oʻrmonlarga surgun qilindi. “Mehnatkashlar uchun” amalga oshirilgan jamoalashtirishning mamlakat xoʻjaligi uchun yutugʻidan koʻra zarari koʻproq boʻlib chiqdi. Chunki bu tadbir oʻzbek xalqining yer mulkchiligi bilan bogʻliq bir necha ming yillik tarixiy anʼanasiga tamomila zid amaliyot edi. Shuning uchun ham jamoalashtirishga qarshi noroziliklar aksariyat hollarda siyosiy tus ham olgan edi.