Orqaga
Glossariyga qaytish

Koʻppartiyaviylik

Koʻppartiyaviylik (ot) — hozirgi zamon jamiyatining ajralmas belgisi, uning demokratiyalashuvi darajasining muhim poydevor koʻrsatkichi. Koʻppartiyaviylikning oʻziga xos belgisi bu — siyosiy xilmaxillik, jamiyatda bir necha siyosiy partiyaning mavjudligi. Siyosiy partiyalar fuqarolarning ijtimoiy manfaatlarini parlament, davlat hokimiyati, mahalliy vakillik idoralari, aholining oʻz-oʻzini boshqarish uyushmalari orqali ifoda etish hamda roʻyobga chiqarish maqsadida faoliyat koʻrsatuvchi kishilar birlashmasidir. Partiyalar oʻz dastur va siyosatlarini jamiyatga taklif etish orqali ularni roʻyobga chiqarishga harakat qiladi va hokimiyat uchun kurash olib boradi. Rivojlangan mamlakatlarning tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, siyosiy partiyalar jamiyatning siyosiy peshqadam aʼzolari sifatida namoyon boʻladi. Oʻzbekiston mustaqilligi eʼlon qilinganidan buyon koʻppartiyaviylikning toʻlaqonli harakat qilishi, jamiyatda turli siyosiy partiyalar faoliyati uchun huquqiy makon asoslari yaratildi va bu harakat davom ettirilmoqda.