Orqaga
Glossariyga qaytish

Kapitalizm

Kapitalizm (ot) (lotincha “capital” — boylik, neʼmat) — jamiyat taraqqiyotidagi muhim bosqichlardan biri, feodalizmdan keyin tarix sahnasiga chiqqan ijtimoiy-iqtisodiy tuzum. Shuning uchun ham kapitalizm feodalizmni yengib, uning oʻrnini egalladiki, u oʻzidan oldingi ijtimoiy bosqichga nisbatan inson faoliyatiga juda keng yoʻl ochdi. Moddiy va maʼnaviy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlarni yuzaga keltirdi. Shu sababli kapitalizm insoniyat tarixidamisli koʻrilmagan kashfiyotlar va ixtirolar davri boʻldi. XVI–XX asrlar mobaynida insoniyat oʻzining kapitalizmgacha boʻlgan tarixi davomida yaratgan moddiy va maʼnaviy boyliklaridan koʻproq neʼmatlar yaratdi. Fan, texnika va texnologiyani insoniyat hayotining negizi va kelajak taraqqiyotining poydevoriga aylantirdi. Toʻgʻri, kapitalizm davridailgarigi davrlarga qaraganda misli koʻrilmagan darajadagi mustamlakachilik bosqinlari, turli qoʻzgʻolonlar va qonli urushlar sodir boʻldi (birinchi va ikkinchi jahon urushlari). Lekin, umuman olganda, kapitalizmning bunyodkorlik mohiyati uning buzgʻunchilik taraflaridan koʻproq zoʻr va kuchli ekanligi tarix tajribasi asosida tasdiqlandi. Bu, ayniqsa, kapitalizmning sotsializm bilan 1917–1991-yillar davomidagi musobaqasida yaqqol koʻzga tashlandi. Kapitalizmning sotsializmdan shak-shubhasiz ustun ekanligi maʼlum boʻldi va sotsializm XX asrning 80-yillaridan butun jahon boʻylab barbod boʻla boshladi.