Orqaga
Glossariyga qaytish

Jadidchilik

Jadidchilik (ot) (arabcha “jadid” — yangi) — yangilanish, yangi zamonaviy maktab, matbaa, milliy taraqqiyot usullari, yoʻllari tarafdorlarining umumiy nomi. Jadidchilik XIX asr oxiri va XX asrning birinchi choragida turkiy musulmon oʻlkalarida (Qrim, Kavkaz, Volgaboʻyi-Bulgʻor va Janubiy Ural havzasi, Turkiston) shakllanib kelayotgan milliy burjuaziya muhitida vujudga kelgan. U oʻsha davrdan Turkistondagi milliy-ozodlik harakatining mafkurasi — Turkiston milliy mustaqillik mafkurasi vazifasini bajardi. Jadidchilikning asosiy gʻoya-maqsadlari: Turkistonni oʻrta asrchilik, feodal tarqoqlik, diniy xurofotlardan ozod qilish, “гsuli qadim” ni inkor etgan holda oʻlka, xalq, millatni zamonaviy taraqqiyot yoʻliga olib chiqish, milliy davlat bunyod etish, konstitutsion, parlament va prezident idora usulidagi ozod va farovon jamiyat qurish, turkiy tillarga davlat tili maqomini berish, milliy pul birligi va milliy qoʻshin tuzish edi. Bu gʻoyava maqsadlar 1917–1924-yillarda Turkiston muxtoriyati (1917-yil noyabr –1918-yil fevral), Buxoro va Xorazm Xalq Sovet Respublikalari davrida (1920–1924-yillar) qisqa muddatda va qisman boʻlsa-da, amalga oshirilgan edi. Qrim, Kavkaz, Volgaboʻyi-Bulgʻor va Janubiy Uraldagi jadidchilikka Ismoilbek Gaspirali, Jovid Husaynzoda, Muso Jorulloh Qozoniy, Rizouddin ibn Faxriddinlar rahnamolik qilgan. Turkistonda bu harakatga Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvar Qorilar, Buxoroda jadidchilik harakatiga Abdurauf Fitrat, Usmonxoʻjalar, Xiva jadidlariga esa Polvonniyozxoji Yusupov va Bobooxun Salimovlar yetakchilik qilgan. Jadidchilikning Turkistondagi taraqqiyotini quyidagi davrlarga ajratish mumkin: 1. 1885–1895-yillari G. Ismoilbeyning “Tarjimon” gazetasi taʼsirida Qoʻqonda yangi-jadid usulidagi maktablar ochish harakatlari boshlanib, ular asta-sekin rus-tuzem maktablari bilan raqobatlasha boshlagan; 2. 1895–1905-yillarda Qrimdagi Gaspira shahridan G. Ismoilbeyning Buxoro va Samarqandga tashrifi, Buxoro amiri bilan uchrashishi natijasida 1895-yilda jadid maktablarini tashkil etish davri. Buxoroda Joʻraboy, Samarqandda Abduqodir Shakuriy, S. Aziziy, A. Munzim, Mulla Qilich, Toshkentda Munavvar Qori, Abdulla Avloniylar, Qoʻqonda Hamza, Namanganda Ishoqxon Ibrat, Soʻfizodalar ochgan jadid maktablari oʻz faoliyatini olib bordi; 3. 1905–1914-yillar jadidchilikning maktab-maorifdan kengroq gazetchilik, yaʼni roʻznoma va jaridalar chop etish, matbaa ishlarini yoʻlga qoʻyish, ilm-fan, adabiyot, madaniyat-maorifni milliylashtirish bosqichi; 4. 1914–1917-yillar jadidchilikning oʻta ijtimoiy-siyosiy yoʻnalish kasb etishi, jadidchilik siyosiy partiyalarining tuzilishi va ularning 3 xil turli talablar qoʻyishi: 1) Rossiyadan toʻla ajralib chiqish; 2) Rossiya Federatsiyasi tarkibida “Milliy-hududiy muxtoriyat” tuzish; 3) Rossiya unitarizmi tarkibida faqat maʼnaviy-diniy muxtoriyat huquqlari kafolatiga ega boʻlish; 5. 1917-yil noyabr–1918-yil fevral oraligʻida Qoʻqonda Turkiston muxtoriyatning tuzilishi va uning rus bolsheviklari tomonidan qonga botirilib, tugatilishi;