Jadid maktablari
Jadid maktablari (ot) — jadidchilik namoyandalarining xalq maorifi va maʼrifatini yuksaltirishni koʻzlab, eskicha taʼlim uslublaridan voz kechib, zamonaviy andozada tashkil etgan maktablari. Birinchi jadid maktabiga Ismoil Gaspirali (1851–1914) 1884-yil Qrimdagi Bogʻchasaroy shahrida asos solgan edi. U oʻzi dastur tuzib, darslik yozdi. Ana shu darslik yordamida 40 kun ichida 12 oʻquvchining savodini chiqardi va bu maktab musulmon oʻlkalarida tez shuhrat qozondi. 1893-yilda Ismoil Gaspirali Buxoro amiri huzurida boʻlib, unga ilm-fanning amirlik taraqqiyotida tutadigan ahamiyatini zoʻr berib tushuntirdi. Amir zoʻrgʻa bitta jadid maktabi ochilishiga rozilik berdi. 1898-yilda Qoʻqonda Salohiddin domla ikkinchi jadid maktabiga asos soldi. Shu yili Toʻqmoqda ham shu tipdagi maktab ochildi. 1899-yili Andijonda Shamsiddin domla va Toshkentda Mannon qori jadid maktabiga asos soldi. 1903-yilda Turkiston oʻlkasida 102 ta boshlangʻich va 2 ta oʻrta jadid maktablari bor edi.