Istiqlolchilik
Istiqlolchilik (ot) — Turkiston mintaqasida sovet rejimi va bolsheviklar hokimiyatiga qarshi mahalliy aholining milliy-ozodlik harakati. Turkiston Muxtoriyati hukumatining bolsheviklar tomonidan tugatilishiga javoban 1918-yilning fevral oyi oxiridan boshlangan. Istiqlolchilik harakati oʻz rivojlanish jarayoniga koʻra ikki davrni bosib oʻtdi: 1-davr 1918–1924-yillar; 2-davr 1924–1935-yillar. Bu harakat oʻz geografik doirasiga koʻra uchta hududni qamrab olgan: Turkiston ASSR, XXSR va BXSR hududlari. U keyinchalik Oʻzbekiston, Turkmaniston va Tojikiston SSR hududlarida ham davom etdi. Istiqlolchilik harakati Bosh qoʻmondonlari:
Fargʻona vodiysida: Kichik Ergash (1918-yil fevral), Katta Ergash (1918-yil mart-noyabr), Madaminbek (1918–1920), Shermuhammadbek (1920–1922), Islom Polvon (1923-yil yanvar-iyul), Yormat Maxsum (1923–1929) va boshqalar;
Samarqand viloyatida: Bahrombek (1918–1921), Ochilbek (1921–1923) va boshqalar;
Buxoro Xalq Sovet Respublikasida: Gʻarbiy Buxoro hududi: Mulla Abduqahhor (1920–1924);
Sharqiy va Oʻrta Buxoro hududi: Ibrohimbek (1921–1922, 1923–1926, 1931), Anvar Posho (1922-yil aprel-avgust), Salim Posho (1922–1923) va boshqalar;
Xorazm Xalq Sovet Respublikasida: Junayidxon (1920–1925, 1927–1928) va boshqalar.