Inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari
Inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari — insonga bekam-u koʻst yashash imkoniyatini beruvchi va iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, siyosiy sohalarda oʻzining imkoniyat va talablarini amalga oshirishni taʼminlovchi huquqiy maqom. Inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini shartli ravishda quyidagi uchta asosiy guruhga ajratishimiz mumkin:
1) Shaxsiy huquq va erkinliklar (yashash, aybsiz deb hisoblash, shaxsiy daxlsizlik, turarjoy daxlsizligi, erkin koʻchib yurish, fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi, axborot olish, tarqatish, vijdon erkinligi va boshqa);
2) Siyosiy huquq va erkinliklar (saylash va saylanish, siyosiy faoliyat yuritish, siyosiy partiya, kasaba uyushmalari, jamoat birlashmalariga aʼzo boʻlish, namoyish va mitinglarda qonuniy asosda ishtirok etish, vakolatli davlat organlariga ariza va shikoyatlar bilan murojaat etish va boshqa);
3) Ijtimoiy-iqtisodiy huquq va erkinliklar (mulkdor boʻlish, mehnat qilish, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, damolish, nafaqa, ijtimoiy taʼminot, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, bilim olish, ilmiy texnikaviy ijod erkinligi va madaniyat yutuqlaridan foydalanish va hokazo).