Inson huquqlari boʻyicha vakil
Inson huquqlari boʻyicha vakil — parlamentning Oʻzbekiston Respublikasida davlat organlari, fuqarolarning oʻz-oʻzini boshqarish organlari, korxona-tashkilotlar, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslarning inson huquqlariga oid amaldagi qonunlarga rioya etilishi samaradorligini nazorat qilish vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxs. Inson huquqlari boʻyicha vakil koʻpgina xorijiy mamlakatlarda mavjud boʻlgan institut — ombudsmanning oʻzbekcha koʻrinishi. U birinchi bor “Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida” gi 1997-yil 24-aprel qonuni bilan joriy etilgan. Inson huquqlari boʻyicha vakil Oliy Majlis palatalarining qoʻshma majlisida deputatlar orasidan Oliy Majlis vakolati muddatiga saylanadi.