Inogʻomovchilik
Inogʻomovchilik (ot) — mustabid sovet davlati jazo organlari tomondan ataylab toʻqib chiqarilgan va 1926–1931-yillarda bir qator milliy rahbar kadrlar va ziyolilarni aybsiz qatagʻon qilinishiga sabab boʻlgan bolsheviklar rejimining boʻhtoni. “Inogʻomovchilik”ning sababchisi Oʻz KP(b) MK Ijroiya byurosi aʼzoligiga nomzod, Oʻz KP(b) MK Matbuot boʻlimi mudiri va OʻzSSR Maorif xalq komissari Rahim Inogʻomov edi. R. Inogʻomov 1926-yil oxirida “Oʻzbekiston ziyolilari” risolasini matbuotda eʼlon qiladi. Unda “Oktyabrdagi oʻzgarish oʻzbek xalqi uchun kutilmagan voqea boʻldi va unga oʻzbek mehnatkashlari tayyor emas edi. Oktyabrgacha boʻlgan davrda rus istibdodiga qarshi mustaqillik harakatida tarixiy rolni ziyolilar oʻynagan”, degan fikrni ilgari suradi. Shuningdek, R. Inogʻomov oʻzining bir qator nutqlarida Oʻzbekiston Kompartiyasini Rossiyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashmayotganlikda, Markazning Sredazbyuro, Sredazekoso kabi “nazoratchi” organlarini zoʻravonlikda ayblaydi. 1926-yil 12-dekabrdaboʻlgan Oʻz KP(b) MK Ijroiya byurosi R. Inogʻomov faoliyati haqidagi masalani koʻrib chiqib, “Inogʻomovchilik”ni Oʻzbekiston kompartiyasidagi “maydaburjuachilik, millatchilikka tomon ogʻish” deb baholadi va respublika partiya tashkilotlarida keng muhokama qilib “inogʻomovchilik”ka baho berishni topshiradi. Shunga binoan barcha partiya tashkilotlari (okrug, rayon, shahar partiya qoʻmitalari va hatto partiya yacheykalari) majlislarida “inogʻomovchilik” qoralanadi. Sredazbyuro raisi — 1. Zelenskiy “inogʻomovchilik” haqida VKP(b) MKga yuborilgan axborotnomasidan (1927-yil 13-yanvar) “Inogʻomov boshchilik qilgan elementlar hech qanday kuchga ega emas, lekin ular partiyada va omma orasida jiddiy tayanchga ega”, — deb yozgan edi. 1927-yil yanvar oyida “inogʻomovchilik” masalasi VKP(b) MK Oʻrta Osiyo byurosida maxsus koʻriladi. Unda “inogʻomovchilik”ning trotskiy-zinovev oppozitsiyasi bilan gʻoyaviy yaqinligi “ochib beriladi”. OʻzKP(b) Markaziy nazorat komissiyasi Prezidiumi 1927-yil 16-oktyabrda R. Inogʻomov haqidagi masalani koʻrib chiqib, uni partiyaga qarshi guruhbozlikda ayblaydi va “qattiq hayfsan” eʼlon qilib, jiddiy ogohlantiradi. 1927-yil qishida boʻlgan Oʻz KP(b) ning III syezdi R. Inogʻomovni “gʻoyaviy jihatdan” tor-mor qilindi deb hisoblaydi va uni Qashqadaryo okrugining eng chekka qishlogʻiga ishlash uchun yuboradi. Oradan maʼlum muddat oʻtganidan soʻng 1930-yil 30-mayda “Pravda Vostoka” gazetasida R. Inogʻomovni “ochiq xati” eʼlon qilinadi. Unda“Partiyaning respublikada milliy kadrlar borasidagi yoʻlini tanqid qilganim notoʻgʻri boʻlgan. Chunki men partiyaning milliy siyosatini, milliy kadrlarni davlat va partiya ishlariga jalb qilish borasidagi faoliyatini yaxshi bilmaganman”, — deb tavba qildiradi. R. Inogʻomov qarashlariga qoʻshilgan, uni davom ettirmoqchi boʻlgan Mavlonbekov, Eshonxoʻjayev va Isomuhamedovlar ham partiyaviy tazyiq ostiga olinadi. Chunki ular R. Inogʻomov ishini davom ettirib, paxta yetishtirish masalasida Markaz koʻrsatmasini ochiqdan ochiq qoralab, Oʻzbekistonni SSSRning “qizil mustamlakasi” deb ataydilar. 1931-yil 9-aprelda boʻlgan OʻzKP MK va Markaziy nazorat komissiyasi Prezidiumi yigʻilishida Mavlonbekov, Eshonxoʻjayev va Isamuhammedovlarni “inogʻomovchilik”da va ogʻmachi guruhbozlikda ayblab, ularga qarshi shafqatsiz kurash olib borishni topshiradi. Respublikadagi barcha partiya tashkilotlarida ularga qarshi kompaniya boshlab yuboriladi. Yigʻilishlarda ularning xatti-harakatlarini fraksion, guruhbozlik deb tan olishga va oxir-oqibatda tavba-tazarru qilishga majbur qiladilar. Inogʻomovchilikni Zaki Validiy Toʻgʻon va Mustafo Choʻqayevlar oʻzbek kommunistlarining “Oʻrta Osiyo byurosiga (Sredazbyuro) qarshi dadil chiqishi” deb baholagan edilar. M. Choʻqayev R. Inogʻomovga Parijda chiqayotgan “Yosh Turkiston” majmuasida ishtirok etishni taklif qiladi.