Ikki palatali parlament
Ikki palatali parlament — umummilliy vakillik muassasasi — parlamentning tuzilishi. Bunda parlament, odatda, har xil tarzda shakllantiriladigan va turli vakolatlarga ega boʻlgan ikkita palatadan iborat boʻladi. Ikki palatali parlament hozirgi vaqtda federativ davlatlarda ham, unitar davlatlarda ham mavjud. Parlamentning quyi palatasi doimo aholi tomonidan bevosita saylanadi. Yuqori palata turli mamlakatlarda turli usulda shakllantiriladi. U baʼzi mamlakatlarda bevosita saylov yoki bilvosita saylov orqali shakllantirilsa, baʼzan meros boʻyicha shakllantiriladi yoxud ularning aʼzolarini davlat rahbari tayinlaydi. Bir qator holatlarda yuqori palata aralash usulda shakllantiriladi: aʼzolarining bir qismi saylanadi, bir qismi tayinlanadi. Baʼzi mamlakatlarda quyi palatadan farqli ravishda yuqori palata uchun vakolatlar muddati belgilanmagan, ularning tarkibi qismlab yangilanadi. 2002-yil 27-yanvarda Oʻzbekistonda ikki palatali parlament tizimiga oʻtish boʻyicha umumxalq soʻrovi — referendum oʻtkazildi. Referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 93 foizi ikki palatali parlament tizimini joriy qilishni yoqlab ovoz berdi. 2004-yil 26-dekabrda Oliy Majlisning quyi palatasi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlar, 2005-yil 17–20-yanvarda esa Oliy Majlis yuqori palatasi — Senatga saylovlar boʻlib oʻtdi. 2005-yil 27-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Oliy Majlis Senatining birinchi majlisi oʻz ishini boshladi. Oʻzbekiston ikki palatali parlament tizimiga oʻtdi.