Orqaga
Glossariyga qaytish

Hijriy yil hisobi

Hijriy yil hisobi (arabcha “hijrat” — ko‘chmoq) — musulmonlar yil hisobi. Muhammad (s.a.v) payg‘ambarning Makkadan Madinaga 622-yil 16-iyulda ko‘chishi bilan bog‘liq. Shu sanadan musulmon taqvimining birinchi yili boshlanadi. Hijriy yilni milodiy yilga o‘tkazish uchun uni 0.97 ga ko‘paytirib yaxlitlash va 622 ni qo‘shish kerak. Masalan, Abu Rayhon Beruniy hijriy 362-yilda tug‘ilgan. 362 x 0,97=351.14; 351 + 622 = 973. Demak, Beruniy tavalludi milodiy 973-yil. Milodiy yilni hijriy yilga o‘tkazish uchun undan 621 ni ayirish va chiqqan sonni 1,03 ga ko‘paytirish va yaxlitlash lozim. Misol uchun, Alisher Navoiy tavallud topgan 1441-yilni hijriyga o‘tkazish uchun quyidagi amal bajariladi: 1441 — 621= 820; 820 x 1,03=844,6. Barcha natijalar taqribiy va bir yilga farq qilishi mumkin.