Orqaga
Glossariyga qaytish

Gʻaznaviylar

Gʻaznaviylar — 977–1187-yillarda Oʻrta Sharq (Shimoli-Sharqiy Eron, Afgʻoniston va Gʻarbiy Hindiston) da mavjud boʻlgan davlat va uni boshqargan sulola. Gʻaznaviylar davlatida turkiy sulola hukmronlik qilgan. Asoschisi somoniylarning lashkarboshisi Alptegin. U 962-yil qoʻl ostidagi gʻulomlariga tayanib Gʻazna viloyatida oʻz hokimiyatini oʻrnatadi. Uning vorislari Sabuqtegin (977–997) va Mahmud Gʻaznaviylar davrida (998–1030) ushbu davlat Oʻrta Sharqning eng qudratli davlatiga aylanadi. Gʻaznaviylar davlati ravnaq topgan davrda saroyda buyuk olimlar yashab, ijod etgan (Beruniy, Utbiy, Abulfazl Bayhaqiy, Gardiziy, Firdavsiy va boshqalar.) Masʼud I davrida (1030–1041) Xorazm qoʻldan ketdi, Movarounnahrning katta qismini Qoraxoniylar tortib oldi. XII asrning 70-yillarida gʻuriylar Gʻaznaviylarni Shimoliy Hindistonga siqib chiqardi, Lahor ularning keyingi poytaxti boʻldi. 1187-yilda gʻuriylar Lahorni ham bosib olib, bu davlatga barham berdi. Gʻaznaviylar sulolasining vakillari: Alptegin (962–977), Sobuqtegin (977–997), Ismoil (997–998), Mahmud Gʻaznaviy (998–1030), Mas’ud (1030–1041), Mavdid (1041–1048), Masʼud II (1049), Ali Abuhasan (1049–1051), Abdurashid (1051–1099), Masʼud III (1099–1115), Sherzod (1115–1116), Bahromxon (1117–1153), Xusravshoh (1153-1160), Xusrav Malik (1160–1187).